Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish ishlari tanqidiy tahlil qilindi
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida har bir hududga mas’ul rahbarlarning biriktirilgani tizim samaradorligida muhim omil bo‘lmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Hotamov poytaxtimizning Sergeli tumanida bo‘lib, davlatimiz rahbari qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
«Eshonbuloq» va «Sadoqat» mahallalarida xavfsiz muhitni ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash, aholi bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini hal qilish borasidagi ishlar atroflicha o‘rganildi. Yo‘l xaritalari ijrosi yuzasidan mas’ullar va «mahalla yettiligi» vakillarining axboroti tinglandi.
Akademiya boshlig‘i mahallalarning ayni paytdagi kriminogen vaziyatini tahlil qilib, jinoyatchilik omillariga butunlay barham berish kerakligini ta’kidladi. Buning uchun profilaktik ishlar qamrovini oshirish, oilalardagi maishiy muhitni yaxshilash, alohida toifadagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish zarurligi qayd etildi.

O‘rganishlar chog‘ida ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlarga alohida e’tibor qaratildi. Mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi tomonidan asosan o‘g‘irlik bo‘yicha murojaatlar kelib tushayotganini inobatga olib, hududlarga qo‘shimcha kameralar o‘rnatish, fuqarolarning ogohligi va mas’uliyatini kuchaytirish, xavfsiz ko‘cha va uylarni tashkil etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralarini ko‘rish borasida topshiriq berildi.
Bundan tashqari, ikkinchi chorak uchun mo‘ljallangan yo‘l xaritalari ijrosini sifatli ta’minlash, «ilmiy xulosa – tavsiya – natija» tamoyili asosida amaliyotga samarali yondashuvlarni tatbiq etish, «qizil» toifadagi hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA