Mahallalarda xavfsiz muhit yaratiladi
Xorazmda mamlakatimiz Prezidentining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan viloyatda amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalarga bag‘ishlangan viloyat selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ishda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, sektorlar rahbarlari, Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, shahar-tuman sektorlari rahbarlari, hamkor tashkilotlar mas’ul xodimlari ham joylardan onlayn qatnashdi.
Viloyat hokimi bugungi kunda Prezident qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning sifat va samaradorligini oshirish, bunda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarga biriktirilgan viloyat va tuman darajasidagi mas’ullar o‘zlarining tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etgan holda ishlab chiqilgan yo‘l xaritalari ijrosini to‘liq ta’minlashi lozimligini ta’kidladi.
[gallery-21777]
– Viloyatimizdagi jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari tomonidan ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. Barcha tuman (shahar) sektorlari rahbarlariga, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati boshliqlariga va ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlariga 2025 yilda kriminogen vaziyat og‘ir mahallalar nomma-nom biriktirildi, – deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Ro‘zmetov. – Mas’ullar faoliyati har oy yakunida ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida Bosh prokuror huzurida, har yarim yilda Bosh vazir huzurida tanqidiy muhokama qilinadi, har bir mahalla bo‘yicha Prezidentga axborot berib boriladi.
Yig‘ilishda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarga biriktirilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda viloyat idora va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Viloyat hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida joriy yil yanvar oyida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi. Shuningdek, faoliyati namunali deb topilgan profilaktika inspektorlari va ularga yaqindan ko‘mak berib kelayotgan maslahatchi murabbiylar viloyat sektorlari rahbarlari tomonidan faxriy yorliq, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari