Mahallalarda sport rivojlanmoqda
Prezidentimiz rahnamoligida bolalarni sportga jalb etishga qaratilgan e’tibor samaralarini barcha mahallalarda kuzatish mumkin.
Prezidentimiz rahnamoligida bolalarni sportga jalb etishga qaratilgan e’tibor samaralarini barcha mahallalarda kuzatish mumkin.O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun mahallalarda tashkil etilgan to‘garaklarga sportning 30 dan ortiq turi bo‘yicha 1 million 400 mingdan ziyod bola jalb etilgan. O‘g‘il-qizlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish maqsadida turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ko‘plab musobaqalar, sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Bolalar maydonchalarini tiklash va tashkil etishning 2011-2015-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi”ga asosan o‘tgan besh yil mobaynida yurtimizda 1 ming 474 bolalar maydonchasi namunali loyihalar asosida qurildi. 2 ming 994-maydonchada ta’mirlash, jihozlash ishlari bajarildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobiga 281 namunali bolalar maydonchasi barpo etilib, fuqarolar yig‘inlari tasarrufiga o‘tkazildi.
2015-yilda o‘tkazilgan “Futbolimiz kelajagi” an’anaviy respublika turnirining hududiy bosqichlari bolalar uchun chinakam sport va salomatlik, do‘stlik va ahillik bayramiga aylandi. Turnirda jami 1 million 200 mingdan ziyod, xususan, 65 mingga yaqin kam ta’minlangan oila o‘g‘il-qizlari, 745 nafar voyaga yetmagan, profilaktik hisobda turgan bola va o‘smir ishtirok etdi. Musobaqalarning tuman, shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari eng zamonaviy futbol maydonlarida o‘tkazildi.
Bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan kurash bo‘yicha “Mahallamiz pahlavonlari” musobaqasi yoshlarda halollik, mardlik, oriyat kabi fazilatlarni mustahkam qaror toptirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. “Otam, onam va men – sportchi oila” sport musobaqasi quvnoq, zavqli o‘tishi bilan kattayu kichikning e’tiborini qozongan. Oilalar birdamligini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga xizmat qilayotgan ushbu musobaqalarning mahallalararo bosqichlari yuksak saviyada o‘tkazildi.
Yosh shaxmatchilarning malakalarini oshirish va o‘quvchilarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning tafakkur darajasini o‘stirish maqsadida oilalar o‘rtasida “Biz – aql-idrokli oilalarmiz” respublika turniri musobaqalari o‘tkazildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tashkil etilayotgan musobaqalar aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, ularda qatnashish istagidagi yoshlar safi tobora kengaymoqda.