Mahallalarda pahlavonlar ulg‘aymoqda
Mamlakatimizda yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, shu orqali ularni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda mahallalarda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Mahallamiz pahlavonlari” musobaqasining o‘rni beqiyos.
Mamlakatimizda yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, shu orqali ularni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda mahallalarda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Mahallamiz pahlavonlari” musobaqasining o‘rni beqiyos.Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqaro maydonga chiqqan o‘zbek kurashi bugun dunyoning ko‘plab mintaqalarida jadal rivojlanmoqda. Kurash bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli xalqaro turnirlar yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘tkazilayotgan “Mahallamiz pahlavonlari” turniri nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qila oladigan yosh polvonlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Mazkur musobaqaning joriy yilgi mahallalararo bosqichida 164 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 8,4 foizga oshgani mamlakatimizda kurash tobora ommalashayotganidan dalolatdir.
Bu yil bo‘lib o‘tgan musobaqaning Toshkent shahar bosqichida yosh polvonlardan Asror Nortojiyev, Azat Junisboyev, Bunyod Sultonboyev o‘z vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Qizlardan Kumush Abduhamidova, Xolida Nizomova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Kurash bilan muntazam shug‘ullanaman, – deydi Chilonzor tumanidagi Bekto‘pi mahallasida yashovchi Asror Nortojiyev. – Tengdoshlarim chempionlik medallarimni ko‘rib havas qiladi.
O‘n uch yoshli Asror Nortojiyevning darsdan bo‘sh paytlari kurash mashg‘ulotlarida o‘tadi. Joriy yilda u “Mahallamiz pahlavonlari” musobaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgach, o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi, bundan-da yuqori cho‘qqilarni zabt etishga bel bog‘ladi.
Bekto‘pi mahallasida bolalarning sport turlariga qiziqishi katta. Jumladan, o‘g‘il-qizlar 126-umumta’lim maktabida tashkil etilgan kurash, shaxmat-shashka, sambo, karate kabi sport to‘garaklariga qatnaydi. Buning samarasida sportning qator turlari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda.