Mahallalarda ozodalikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda
Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizda obodlik va ozodalik muhitini yanada kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar boshlangan. Mahalla va ko‘chalarni sarishta holatga keltirish maqsadida respublika bo‘ylab “Dolzarb 10 kunlik” tozalik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tadbir davomida sanitar tozalash korxonalari tomonidan barcha hududlar qattiq maishiy chiqindilardan tozalanadi. Shuningdek, mahalla hududlarini ozoda saqlash, bayram tadbirlarida chiqindi to‘planib qolishining oldini olish, chiqindilarni grafik asosida o‘z vaqtida olib ketishga qat’iy rioya qilish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘riladi.
Bu kabi tozalik tadbirlaridan ko‘zlangan maqsad Qurbon hayiti bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish barobarida atrof-muhitni ozoda saqlash va ekologik vaziyatning yanada yaxshilanishiga hissa qo‘shishdan iborat.
Shu o‘rinda, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi jismoniy va yuridik shaxslardan chiqindilar bilan bog‘liq ishlarda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslikni so‘ramoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, har qanday ekologik huquqbuzarlik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shu yilning 25-mayidan start berilgan mazkur tozalik tadbirlari 4-iyunga qadar davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA