Mahallalarda o‘rganishlar amalga oshirildi
2026-yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini manzilli o‘rganish, mavjud zaxiralarni ishga solish va yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini belgilashga qaratilgan amaliy ishlar yangi bosqichga chiqmoqda.
Tuman hokimi Aziz Ergashev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bobur Ismoilov hamda mas’ul rahbarlar ishtirokida Mustaqillik, Madaniyat va Uzunbuloq mahallalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar “mahallabay” ishlash tizimining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Joylarda “mahalla yettiligi” faoliyati, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va soliq salohiyatini oshirish masalalari kompleks tahlil qilindi.

“Uzunbuloq” mahallasida “Neo Professional” brendi ostida avtomobillar uchun yuvish vositalari ishlab chiqarayotgan korxona faoliyati ko‘zdan kechirildi. Mahsulot turini diversifikatsiya qilish, hududiy bozordan respublika miqyosiga chiqish, kelgusida esa eksport salohiyatini shakllantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Korxonani sanoat kooperatsiyasi zanjiriga ulash, xomashyo ta’minotini mahalliylashtirish va raqamli hisob-kitob tizimlarini joriy etish orqali qo‘shimcha qiymatni oshirish mumkinligi qayd etildi.
Shu hududda “Aberdin-angus”, “Simmental” va “Gereford” zotli novvoslar parvarishiga ixtisoslashgan bo‘rdoqichilik xo‘jaligi ham o‘rganildi. Loyihada nasldor chorvachilikni rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash va go‘shtni chuqur qayta ishlash orqali kooperatsiya zanjirini yaratish imkoniyatlari mavjud. Bu esa nafaqat ichki bozor barqarorligi, balki kelgusida eksportbop mahsulot ishlab chiqarish uchun ham zamin yaratadi.

Mutasaddilar tomonidan ishlab chiqarish hajmini oshirish, investitsiya jalb qilish va loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan samarali foydalanish yuzasidan aniq takliflar berildi.

Tumanda parrandachilik sohasi ham iqtisodiy drayver sifatida shakllanmoqda. “EGG Industry” korxonasi faoliyatini kengaytirish, uni tumanning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Yil yakuniga qadar parranda bosh sonini 15 mingdan 70 mingtaga yetkazish rejasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhimi, ushbu loyihalar mahalla darajasida shakllanayotgan iqtisodiy faollikni tizimli investitsiya siyosati bilan bog‘lashni taqozo etadi. Raqamli nazorat va hisobdorlik mexanizmlarini kuchaytirish, soliq bazasini kengaytirish, subsidiya va imtiyozlarni manzilli yo‘naltirish orqali har bir tashabbusning samaradorligini aniq baholash imkoni yaratiladi.
2026-yilning mazmun-mohiyati — mahallani iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning tayanch bo‘g‘iniga aylantirishdir. Baxmalda amalga oshirilayotgan ushbu ishlar mahalliy tashabbus, investitsiya va kooperatsiya uyg‘unligi orqali barqaror o‘sish modeli shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Natijada, tuman iqtisodiyotida qo‘shimcha qiymat yaratadigan, eksport salohiyatiga ega va yangi ish o‘rinlari yaratishga qodir loyihalar ulushi ortib bormoqda. Bu esa “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”ning amaliy ifodasi sifatida Baxmal tajribasini namuna darajasiga olib chiqishi mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri