Mahallalarda bayram tadbirlari davom etmoqda
Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi bo‘lib o‘tayotgan shu kunlarda G‘allaorol tumani markazida Nuroniylar maskani foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy talablar asosida qurilgan, dam olish xonasi, oshxona, kutubxona va mashg‘ulot zallariga ega ushbu maskan 500 ga yaqin nuroniylarning maroqli hordiq chiqarishiga xizmat qiladi.
– Biz, keksalar zerikkanda yig‘ilib, gurung qiladigan joyimiz yo‘q edi, – deydi 87 yoshni qarshilagan Salohiddin ota Nazarov. - Biz uchun qurilgan bu maskanda sog‘ligimizni mustahkamlash uchun mashg‘ulot xonasi borligi meni quvontirdi. Chunki shu yoshga kirgan bo‘lsamda, sport bilan muntazam shug‘ullanaman. Shuning uchun ham bardamman.
Nuroniylar maskani foydalanishga topshirilgani munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir «Sarbazar» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Qo‘rg‘ontepa tepaligida «Yil boshi» (Darvishona ham deyishadi) sayliga ulanib ketdi. Saylda dorboz, kurash milliy o‘yinlari ham tashkil etildi.
– Mahallamizda 32 yildan buyon ushbu tepalikda Navro‘z ayyomini nishonlab kelamiz, – deydi mahalla oqsoqoli Baxtiyor Akramov. – Bunday tadbirlarning yuqori saviyada o‘tishi mahallamiz odamlarining ahilligi bilan bog‘liq.
Shuningdek, Jizzax viloyatining yana bir go‘zal go‘shasi – Forish tumanidagi O‘zbekiston hamda «Bog‘don» mahalla fuqarolar yig‘inlarining yangi, barcha qulayliklariga ega zamonaviy binolari ham foydalanishga topshirildi.
Haftalik doirasidagi tadbirlar shahar va tumanlarda davom etmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA