Mahallalar obod, ko‘ngillar shod bo‘lmoqda
Xorazm viloyatining Shovot tumanida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ichki xo‘jalik yo‘llariga shag‘al aralashmasini yotqizish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021 yildan buyon har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilayotgan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yurtimiz ekologiyasi, atrof-muxit musaffoligini saqlash hamda aholi salomatligini yaxshilashda muhim omil bo‘lmoqda.
Tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash kabi muhim vazifalar xususida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil kuz mavsumida viloyatimiz xududiga 5,4 mln dona ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu bo‘yicha manzilli dastur shakllantirilgan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Chig‘atoy mahallasi xududida shu kunning o‘zida mingga yaqin mevali xamda manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi va maxalla xududidagi 6 ta ko‘cha qattiq maishiy chiqindilardan tozalandi.
[gallery-20269]
So‘nggi yillarda aholini qiynab kelayotgan uy-joy kadastri bilan bog‘liq muamolarga ham yechim topilayotir. Seminar davomida mazkur mahalladagi uy - joylar ham qayta xatlovdan o‘tkazildi.
– Joriy yilning 18 iyul kuni Prezidentimiz o‘tkazgan videoselektorda berilgan topshiriqqa asosan bir necha oydan buyon tumanimizda uy-joyining hujjatlari yo‘q bo‘lgan aholi xonadonlari va binolari xatlovdan o‘tkazilmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Rafiq Ro‘zmetov. – Bugungi tadbirda ana shunday murojaatlar qabul qilinmoqda. joyiga chiqib o‘rganilmoqda, muammolar bartaraf qilinmoqda. Tegishli tashkilotlarning mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzilgan.
Qish mavsumi oldidan aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasalliklarni erta bosqichda aniqlab, sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish va yuqumli kasalliklarning oldini olish ham muhim sanaladi. Shu bois aholisi terapevt, kardiolog, LOR, dermatolog, ginekolog, UZI, stomatolog, pediatr kabi mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan kishilarga statsionar va ambulator sharoitda davolanishlari uchun tavsiya berildi.
Tashkil etilgan tadbirning qamrovi shu darajada keng bo‘ldiki, xonadonlardan tortib molxonalargacha dizenfeksiyadan o‘tkazildi. Chorva va boshqa uy hayvonlari kasalliklarga qarshi emlandi.
– Tadbirning ahamiyatini o‘zimning misolimda olib qaraydigan bo‘lsam. – deydi chig‘atoylik fuqaro Jamoliddin Nazarov. – Bugunning o‘zida tushlikka qadar sog‘lig‘imni ko‘rikdan o‘tkazib, shifokordan tavsiyalarni oldim. Yarmarkadan dehqonchilik uchun ish qurollarini arzon bahoda sotib oldim. Uyimga kichikroq bo‘lsada quyosh paneli o‘rnattirdim. Bundan tashqari, kunning ikkinchi yarmida mutaxassislar gaz uskunalarimni ko‘rikdan o‘tkazib, pechka va dudbo‘ronlarimni tozalab berishdi. Ikkita sigirimni, bitta qo‘yimni kasallikka qarshi emlab berishdi. Ko‘chamizda, mahallamiz hududida ham keng ko‘lamdagi ishlar qilinyapti. Tadbir tashkilotchilarining otasiga ming rahmat.
Darhaqiqat, tadbir davomida yuzdan ortiq xonadonning dudbo‘ronlari tozalandi va gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatildi. Xonadonlarning gaz hisoblash uskunalari yagona bazaga ulandi. Bir kilometrdan ortiq gaz quvurlari tartibga keltirilib, 460 metr gaz quvirlari bo‘yoqlandi. Mahalla hududidagi bitta transformator punktida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, 4 ta transformator punkti va 3,5 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘ida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari va energiya tejamkor texnologiyalar ko‘rgazmasi tashkil qilindi.
Joriy yilda Chig‘atoy va Kangli mahallalarida jami 10,3 km ichki tuproq yo‘llariga shag‘al yotqizish rejalashtirilgan. Buning uchun o‘nlab ulkan texnikalar, qurilish agregatlari, muhandisu mutaxassislar, shuningdek, yetarlicha qum-shag‘al aralashmasi ajratildi. Jalb etilgan texnikalar bir zum to‘xtamasdan ishlayapti.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida mahallalar qiyofasi butunlay yangilanib, ko‘rkam manzillarga aylanmoqda. Ish qizg‘in tus olgan. Har bir jarayon sektorlar rahbarlari nazoratida.
Mahallalarning ko‘chalari ta’mirlanib, kundan-kunga obod maskanga aylanayotganidan odamlarning quvonchi cheksiz. Ular ham bu ishlarda tamoshabin bo‘lib, qarab o‘tirmasdan qo‘llaridan kelganicha yo‘lchilarga ko‘mak berishdi. Hech bo‘lmaganda, o‘z xonadonlariniyu, tomorqa yerlarini tartibga keltirishdi. Nuroniylar esa xayrli ishlarni amalga oshirayotgan kishilarni duo qilib, ularga mustahkam sog‘lik va kuch quvvat tilashdi.
Tashkil etilgan tadbirlar faqat shu bilan yakunlanmadi. Mahallalar yoshlari uchun turli sport va boshqa qiziqarli musobaqalar tashkil etildi.
Qisqasini aytganda, keng qamrovli seminar natijasida mahallalardagi xonadonlar obod, ko‘ngillar esa shod bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari