Mahallalar moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi hamda Navbahor tuman bo‘linmasi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida tumandagi “Sarbozor”, “Navkar”, “Qiziltepa”, “Yuqori Beshrabot” MFYlarga kompyuter va “Navkar” MFYga mebel jamlanmalari topshirildi.
Dastlab “Sarbozor” mahalla fuqarolar yig‘inida faollar, nuroniylar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 sentyabr kuni mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda barcha ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar aholi talabidan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda. Buning uchun mahallalarga ko‘plab vakolatlar, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berilayapti.
–- Endi barcha mahallalarda “mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinadi, – dedi Fondning viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev. – Shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalari mablag‘lari har bir mahallaga taqsimlab beriladi. Mahallada qulay va elektron ish yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Amaldagi uchta platforma – “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtiriladi. “Mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytiriladi.

“Sarbozor” MFY 2000 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shu kunga qadar mahalla faollari eski binoda faoliyat olib borishgan. Bugungi kunda mahallada 2561 nafar aholi istiqomat qiladi. Yurtimizda mahalla fuqarolar yig‘inlariga berilayotgan e’tibor natijasida joriy yilning iyun oyida 750 million so‘m mablag‘ sarflanib, mahalla uchun yangi bino qurildi.
Uchrashuv so‘nggida mahallada yashovchi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand 8 nafar aholi xonadonlariga borildi. Ularga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navbahor tuman bo‘linmasi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va fondning esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.