Mahallalar jinoyatchilikdan butkul xoli bo‘ladi
Qaror va ijro
Shu kunlarda Respublika Ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyati bo‘ylab Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash borasidagi o‘rganishlar davom etmoqda.

Xususan, mas’ullar Angren shahar prokuraturasida tashkil etilgan shahar shtab faoliyati bilan tanishib, qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilindi. Ushbu jarayonda ishchi guruhi a’zolari, “mahalla yettiligi” va “ijtimoiy profilaktika” yo‘nalishiga mas’ul mutasaddilarga tasdiqlangan “Yo‘l xarita”lar doirasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Jumladan, yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlangan shaxslar hamda ishsiz fuqarolar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarini bartaraf etish, shuningdek, har bir shaxs bilan yakka tartibda profilaktik tadbirlar o‘tkazishni tizimli tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olishda “mahalla yettiligi”ning har bir a’zosi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni aniq belgilab olish, ularning mas’uliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Ayniqsa, kriminogen vaziyati murakkab deb baholangan mahallalarda ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish, ular bilan doimiy muloqot olib borish, muammolarini joyida hal etish hamda manzilli yordam ko‘rsatish aytildi.

Bundan tashqari, ishchi guruhi tomonidan Toshkent tumanidagi Chuvalachi mahallasiga borilib, mahalla “yettiligi” vakillari bilan manzilli muloqotlar o‘tkazildi. Shuningdek, Chirchiq shahar, Oqqo‘rg‘on va Yuqori Chirchiq tumani prokuraturalarida tashkil etilgan shtab faoliyati bilan tanishilib, qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilinib, ushbu jarayonda ishchi guruhi a’zolari, “mahalla yettiligi” va “ijtimoiy profilaktika” yo‘nalishiga mas’ul mutasaddilarga tasdiqlangan “Yo‘l xarita”lar doirasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
O‘rganish natijalari yuzasidan Yangiyo‘l tumanidagi 70-sonli oilaviy poliklinikasida Respublika prokuraturasi va sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari ishtirokida taqdimot o‘tkazildi. Tadbir davomida joylardagi mavjud muammolar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Xususan, tibbiyot muassasalarida kadrlar yetishmovchiligi, shifoxona o‘rinlari kamligi kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, hududlarda xususiy tibbiyot klinikalari sonini oshirish, aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Samarasiz faoliyat yuritayotgan ayrim ob’ektlarni esa muayyan kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirish taklifi bildirildi. Tadbir doirasida aholi uchun tibbiy ko‘riklar ham tashkil etildi.
Joylarda bu kabi sa’y-harakatlar davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA