Mahallalar infratuzilmasi yaxshilanmoqda
Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov shahar, tumanlarda bo‘lib, og‘ir hudud sanalgan mahallalarning infratuzilmasi va aholi yashash sharoitlarini yaxshilash hamda bandligini ta’minlash borasida amaliy ishlarni boshlab bergandi.
Xususan, bu borada Yangiqo‘rg‘onda ham to‘rtta sektordan tanlab olingan mahallalarda ish qizg‘in ketmoqda.
Dehqonobod mahallasi tuman markazidan qariyb 15-16 kilometr uzoqlikda joylashgan. Aholini asosan toza ichimlik suviga ehtiyoji katta. Shu bois 250-300 metr chuqurlikdan suv chiqarishga kirishildi. Shuningdek, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida qo‘shimcha transformator o‘rnatildi. Viloyat hokimi o‘rinbosarlari, sohaga daxldor mutasaddilar mahalla faollari bilan uchrashib, oldinda turgan vazifalar, yangi loyiha va takliflar xususida suhbatlashdi.
Hadikent mahallasida ham 10-15 yildan beri aholi toza ichimlik suviga ehtiyoj sezib kelardi. Xayrli ishlardan biri shuki, 3,9 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortilyapti. Ahamiyatlisi shundaki, bu yumushlarda mahalla ahli ham faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, yo‘llarni ta’mirlash, mobil aloqa sifatini yaxshilash borasida ham amaliy ishlar qilinmoqda.
Aholi bilan bo‘lgan muloqotda hududda sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish singari masalalarda so‘z bordi.
Qorasuv mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in. Binolarning fasad qismi, kirish yo‘laklari ta’mirlanmoqda. Uchrashuv davomida aholining taklif va istaklari tinglanib, murojaatlar tegishli soha mutasaddilari tomonidan o‘rganildi.
Yangiqo‘rg‘ondagi mahallalarda infratuzilmani yangilash va aholi yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA