Mahallalar farovonligi yo‘lida yangi qadam
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida “Mahalla Servis” kompaniyasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Ushbu yangi tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 25 iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etildi.

Ahamiyatli jihati shundaki, kompaniya uchun Mahallalar uyushmasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 350 million so‘m yo‘naltirilib, zamonaviy talablarga javob beradigan yangi ofis binosi qurildi. Shuningdek, 71 million so‘mlik mablag‘ evaziga 2 dona yuk mototsikli hamda maxsus asbob-uskunalar xarid qilinib, kompaniya ixtiyoriga topshirildi.

Ochilish marosimida tuman hokimi Husniddin Suvonov, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov, mahalla faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbir davomida yangi tashkil etilgan kompaniya oldiga bir qator muhim vazifalar qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.

– Kompaniyamizning asosiy maqsadi mahallalarda obodonlashtirish va sanitariya ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, ko‘chalar va jamoat joylarida tozalikni ta’minlash, aholi uchun qulay muhit yaratishga hissa qo‘shishdir, – deydi “Mahalla Servis” kompaniyasi raisi Bunyod Hasanov. – Biz aholi bilan doimiy muloqot olib borib, muammolarni tezkor hal etishga intilmoqdamiz. Yirik kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab, har bir mahallada ochiq va samarali faoliyat yuritishga harakat qilamiz.

Tadbir ishtirokchilari kompaniya xodimlariga zimmasidagi vazifalarni sidqidildan ado etishda muvaffaqiyat tilab, bu kabi tashabbuslar mahalla institutini mustahkamlash, aholining turmush sharoitini yaxshilash va jamoatchilik bilan samarali muloqotni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.


Shu bilan birga, “Mahalla Servis” kompaniyasi mahallalardagi muammolarni joyida hal etish, jamoat tartibini saqlash, toza va ko‘rkam muhit yaratish, aholi uchun qulay sharoitlar yaratishda muhim o‘rin tutadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri