Mahallaga rais bo‘lish oson emas (+video)
“Mahallaga o‘z “dardi”ni aytib keluvchilar juda ko‘p. Biz har qanday holatda ham odamlarga yordam berishga harakat qilamiz”.
Bu Samarqand viloyati Toyloq tumani Vorsin mahallasi raisi Manzura Islomovaning so‘zlari.
Manzura Islomova 30 yil pedagogika sohasida ishlab, nafaqaga chiqqach o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vorsin mahallasida rais sifatida ish boshladi. Mazkur mahallada 3 ming 241 nafar aholi yashaydi.
—Mahallada ishlashning o‘ziga yarasha gashti ham bor, — deydi Manzura opa. — Ertalab 6 yarimlarda yo‘lga tushaman. Mahalla binosi bilan uyimiz orasi 500-600 metr atrofida. Ishxonaga yetgunimcha yo‘ldan chiqqan aholi bilan suhbatlashib, sog‘lig‘i, kamchimliklari haqida so‘rab bilib olaman. Muammolari bo‘lsa, yechishga harakat qilaman, xursandchiliklariga sherik bo‘laman. Ayrim toifa odamlar bor, mahallaga kelib faqat talab qilishni o‘rganib olishgan. O‘zi hech qayerda ishlamaydi. Ish topib beraman, ishla desangiz, turli bahona qilishadi, boqimandaga aylanib qolgan. Imkon qadar ularni ham ish bilan ta’minlashga harakat qilamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/o0u2xT4Oo1Q" title="Mahallaga rais boʻlish oson emas" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Manzura opa har qanday vaziyatda ham odamlar undan xafa bo‘lib ketishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Bu borada unga pedagog bo‘lgani qo‘l keladi. Kimning xonadoniga kirib borsa, muallima deb hurmat qilishadi.
—Mahalla raisligini bo‘yningizga oldingizmi, demak o‘sha mahalla sizning oilangiz. Kimdir singlingiz, kimdir akangiz yoki farzandingizga aylanadi, — deydi Manzura opa biz bilan suhbatda. — Mahallada deyarli ishsiz odamning o‘zi yo‘q. Har bir uyda hech bo‘lmaganda bitta avtomashina xonadonga xizmat qiladi. Ayollar ko‘proq tikuvchilik, zardo‘zlik bilan band bo‘lgani sababli subsidiya asosida tikuv mashinalari, erkaklarga ro‘zg‘orini tebratishi uchun motokultivator olib berilgan.
Xonadonlarimizni toza ichimlik suvi bilan ta’minlab, ko‘chalarimizni asfalt qildik. O‘tgan yili homiylar yordamida “Vorsin” qabristonini obod qildik. Hali yana amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan rejalarimiz bisyor.
N.Rahmonova, O‘zA