Mahalladoshlariga ibrat bo‘layotgan chevar ayol
Har qancha zamonaviylashmaylik, uyimizda o‘zimizning sharqona va milliy to‘shaklarimizga joy topiladi. Shu sabab, rang-barang, sifatli ko‘rpa-to‘shaklarni tikishga usta bo‘lgan mohir chevarlarimizga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Amir Temur mahallasida yashovchi Navbahor Choriyeva ham chevarlik hadisini puxta egallagan hunarmandlarimizdan biri hisoblanadi. Tirikchilik ilinjida qilingan halol mehnatning uyati yo‘q deganlaridek, hozirda opa uy sharoitida turli xil ko‘rpa, yostiq va dasturxonlar tikib, oilaviy daromad topmoqda. Halol mehnat ortidan xonadoniga baraka va rizq kirmoqda. Navbahor Choriyeva o‘zining mehnatsevarligi bilan mahalladoshlariga ibrat bo‘lib kelmoqda.

Navbahor opa bu hunarni qaynonasidan o‘rganib, avval faqat yaqinlari uchun tikkan bo‘lsa, hozirda buyurtmalar asosida ish olib bormoqda. Tikuvchilik nafaqat unga daromad manbai, balki kasbga bo‘lgan mehrini namoyon etish imkoniyatini ham beradi.

–Qaynonamdan o‘rgangan hunar bugun ro‘zg‘orimizga daromad olib kelyapti, – deydi N.Choriyeva. – Biz talabgorlarning qiziqishiga qarab bolish, girdixona, ko‘rpacha va dasturxonlar tikyapmiz. Odamlar eshitib, mahsulotlarimizni xarid qilgani qo‘shni tuman va mahallalardan kelmoqda. Bu bizni yanada quvontirib, ishimizga unum, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi.
Opaning aytishicha, har bir girdixona yoki ko‘rpani tikish besh-olti soat vaqtni talab qiladi. Jumladan, ko‘rpa tikishda, avvalo, uning qishki yoki yozgiligiga qarab mato tanlanadi. Sovuq kunlarda ishlatiladigan ko‘rpalarga 4-5 kilogacha, issiq kunda foydalanishga mo‘ljallangan ko‘rpalarga o‘rtacha 3 kilogacha paxta solinadi.

Savalangan paxtalar girdixonaning maxsus matolardan tikilgan ichki qopiga solinadi. Bunda girdixonada paxtaning teng taqsimlanganiga ahamiyat qaratiladi. So‘ng mato naqshiga qarab, besh-olti qator qilib uzunasiga qaviladi.
Ko‘rpaning ham tayyor holga kelishi uchun ancha-muncha sabr kerak bo‘ladi. Bunda paxtalar solinib, ichki qop yaxshilab qaviladi. Ko‘rpaning qavilishi ko‘rpacha va girdixonalardan farq qiladi.
Mahalladoshlarining ta’kidlashicha, uning mahsulotlari sifati va nafis bezaklari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, milliy an’analar asosida tikilgan buyumlari xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Navbahor opaning faoliyati yosh qizlarga ham ibrat bo‘lib, ularni hunar o‘rganishga undamoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA