Mahallada yangi ish o‘rinlari ko‘paymoqda
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Sarayon” mahalla fuqarolar yig‘inida umumiy aholi soni 3 600 dan ziyodni tashkil etadi. Ularning 1 600 nafarga yaqini yoshlardir.
Aholining asosiy daromadi xizmat ko‘rsatish va tomorqadan. Mahallaning ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”ni inobatga olgan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi turmush darajasini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda.
Shu mahallada yashovchi Inobat Jalilova uyida tikuvchilik bilan shug‘ullanar, daromadi asosan qo‘ni-qo‘shnidan tushadigan buyurtmalar hisobidan edi. 2022-yilda mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 33 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini olgan chevar 5 ta zamonaviy rusumdagi tikuv mashinasini xarid qilib, o‘ziga shogirdlar yolladi. Qarabsizki, ikki yilda tikuvchi ayol xonadoni chevarlarga torlik qilib qoldi.

Joriy yil boshida hokim yordamchisi ko‘magi va tavsiyanomasi asosida Inobat Jalilova hamda uning jamoasiga 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i rasmiylashtirildi. Mahallada bo‘sh turgan binoda tikuv sexi tashkil etishga qaror qilindi. Sexga “Jack”, “Baoyu”, “Bruse”, “Precious” rusumli tikuv mashinalaridan 12 tasi va yana bezakli chok tikish uskunalari xarid qilingani keng imkoniyat va qulaylik bo‘ldi.
Ayni kunda Inobat Jalilova boshchiligidagi “Naqshband hunarmandlari” MCHJ “Sarayon” mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazi sifatida o‘quv kursi va tikuv sexiga ega yaxlit jamoaga aylangan. Bunda o‘tgan oylarda jami 50 nafardan oshiq xotin-qiz 3 oylik tikuvchilik kursiga jalb qilingan. Shulardan 40 nafari hozir “ustoz-shogird” yo‘nalishida shu sexda ishlayapti. Muhimi, artelda bandligi ta’minlanganlarning 12 nafarini jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan ayollar tashkil etmoqda.

– O‘zim ikkinchi guruh nogironiman, Inobat Jalilovaga ming rahmat, tikuvchilikka qo‘lim tushishini bilib, meni avval hunar o‘quv kursiga, keyin sexiga taklif etdi, – deydi Bibirajab Fayziyeva. – Hozir dugonalarimdan tikish-bichishni o‘rganib, ishlab, oilamga daromad kiritayotganimdan xursandman.
“Sarayon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi ayollardan 105 nafari ehtiyojmand va kam ta’minlangan toifaga mansubligi bois “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Shulardan 52 nafari nochor sharoitda, ishsiz va daromadsiz qolgan, madadga muhtojlar sirasidan edi. Endilikda ulardan bir necha nafari aynan “Naqshband hunarmandlari” MCHJ dan o‘z o‘rnini topmoqda.

Mehriya Fayziyeva ham shular jumlasidan. Tikuvchilik layoqatiga ega bo‘lgan bu ayolga o‘tgan yili mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magida 30 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Zamonaviy tikuv mashinasi va “overlo” olib berilgan. Joriy yilda esa Mehriya Fayziyeva sex jamoasiga kelib qo‘shilgan, Inobat Jalilova shogirdlari bilan birgalikda ayollar va bolalar kiyim-kechaklarini tikib, buyurtma va yangi andozadagi assortimentni ko‘paytirmoqda.
Umuman, ishga solinayotgan imkoniyat va servis xizmatlari hisobidan o‘tgan yil davomida Sarayonda 148 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 42 nafar, 10 sotixdan tomorqa yer maydoni ajratish hisobiga 65 nafar, mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish bo‘yicha 32 nafar, o‘zini-o‘zi band qilish hisobiga 115 nafar, korxonalarda norasmiy ishlayotgan ishchilarni legallashtirish bo‘yicha 64 nafar, subsidiya ajratish hisobiga 23 nafar fuqaro ishli bo‘lgan.
Joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri