Mahalla yoshlari yer bilan tillashmoqda
Qaror va ijro
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham “Mahalla yettiligi” taklifi bilan har bir tuman bo‘yicha ajratiladigan yer konturlari belgilanib, dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan yoshlar ro‘yxati shakllantirildi.


Mazkur sa’y-harakatlar Prezidentimizning joriy yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga asosan amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 2024-yili hudud bo‘yicha yangi o‘zlashtiriladigan va qayta foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari yigirma ming gektarni tashkil etadi.


Ayni kunlarda yoshlarga serunum dalalardan yer maydonlari ajratib berilmoqda. Jumladan, Oqqo‘rg‘on tumani Hamid Olimjon, Bo‘ka tumani “Achamayli”, Bekobod tumani “Qoraqo‘yli” mahallalaridagi yoshlarga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer maydonlari ajratildi. Jarayonda agronomlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va uni parvarishlashdagi muhim jihatlar, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borish yuzasidan ham ma’lumot berildi.

Shuningdek, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ushbu mahallalarni aniq bir yo‘nalishga ixtisoslashtirish va yoshlarni lider tadbirkorlarga biriktirish belgilab olindi. Bu boradagi ishlar boshqa joylarda ham belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.