“Mahalla yettiligi” malakasini oshiradi
Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlashda mahalla instituti muhim o‘rin tutadi.
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “Mahalla yettiligi” tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur farmon va qaror mazmun-mohiyati hamda ularda belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlarini ijrochilarga sifatli yetkazish maqsadida “mahalla yettiligi” uchun o‘quv- seminarlar boshlandi.

Navoiy viloyati bo‘yicha 20 nafar malakali trener tanlab olinib, ular Davlat boshqaruvi akademiyasida tayyorlov kurslarida ishtirok etdi. Ushbu trenerlar joriy yilning 29 yanvaridan 19 fevraliga qadar viloyatning 11 ta hududida bo‘lib, o‘quvlarda viloyatning 330 ta mahallasida faoliyat yuritayotgan 1870 nafar mahalla tizimi xodimini o‘qitadi.

– Mahalla raisi, mahalladagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim, soliq inspektoridan iborat “mahalla yettiligi” bugun tom ma’noda fuqarolarning deyarli barcha ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda, ularga qulay shart-sharoit yaratishda xizmat qiladigan muhim tizimga aylanmoqda, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyat filiali bosh inspektori Abror Latipov. – O‘quvlar davomida tinglovchilarga malakali trenerlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashish, Yurtboshimiz raisligida 2023 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan mahalla tizimi faollari zimmasidagi ustuvor vazifalar, mahalla idoralari orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish kabi dolzarb mavzular yuzasidan zarur tushunchalar berilmoqda.


Mazkur o‘quvlar mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O‘quvlar yakunida tinglovchilar olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida test sinovlarini topshiradi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri