"Mahalla yettiligi" faoliyati o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Ravshan Fozilov va Sevara Ubaydullayeva Yunusobod tumanidagi "Adolat" va "Billur" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, "mahalla yettiligi" a’zolari bilan suhbat o‘tkazdilar.
Uchrashuv avvalida deputatlar tomonidan "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" Davlat dasturining mazmun-mohiyati tushuntirildi. So‘ngra aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar yuzasidan "mahalla yettiligi" hisoboti tinglandi.
Uchrashuvda ishtirok etgan saylovchilar bilan ham suhbat tashkil etilib, mahallada mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha fikr almashildi.
***
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Zuhriddin Mavlonov, Manzura Salimova hamda Erkin Hayitov Termiz shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filiali faoliyati bilan tanishdi. 320 o‘ringa ega ushbu tibbiyot muassasasida aholiga onkologik yordamni yanada sifatli tashkil etish maqsadida kasalliklarni erta aniqlash va profilaktikasi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga, ayrim muammolar ham aniqlandi.

Xususan, laboratoriya bo‘limida kimyoviy preparatlar yetishmasligi, nur chiqaruvchi apparatlar manbasini almashtirish va servis to‘lovi uchun zarur mablag‘lar ajratilmayotgani ta’kidlandi. Mavjud muammolar deputatlar nazoratiga olindi.
Deputatlarning joylardagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA