Mahalla va xonadonlarning “o‘sish nuqtalari” aniqlanmoqda
Mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama rivojlantirish, uni aholiga yaqin maslakdosh tuzilmaga aylantirish ustuvor vazifaga aylangan.
Bu borada olib borilayotgan islohotlar mahallaning nufuzini oshirib, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prikka, odamlarning quvonch-u tashvishlari, muammolariga yechim topadigan, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan maskanga aylantirmoqda.
Ayni vaqtda har bir mahalla va oilalarning “o‘sish nuqtalari” aniqlanmoqda. Mahallani iqtisodiy rivojlantirishdagi kamchilik va to‘siqlarni bartaraf etish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining uzluksiz faoliyat yuritishi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalardagi ishsizlar bandligini ta’minlash singari muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buning uchun Sirdaryo viloyatining barcha tumanlari, xususan, Boyovut tumanida ham ana shunday o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga mas’ul rahbar sifatida biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Kudbiyev, Mikrokreditbank boshqaruv raisi O.Bo‘tayev, Davlat geologiya qo‘mitasi raisi B.Islamov va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.Xaydarov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan bu boradagi vaziyat o‘rganildi.
O‘rganish davomida tumandagi 39 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 5 tasi – “yaxshi”, 29 tasi –“o‘rta” va 7 tasi –“og‘ir” toifalarga ajratib olindi. Ana shu og‘ir toifadagi 7 ta mahallaning joylashuvi, hududining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, har birining o‘sish nuqtasi aniqlab olindi va har bir yo‘nalish bo‘yicha lider tadbirkorlarga biriktirildi.
Tumandagi mahalallarning “o‘sish nuqtasi”dan kelib chiqib, 6 ta asosiy drayver yo‘nalishlar ham belgilab olindi. Jumladan, tumandagi 4 ta MFYda chorvachilik, 22 ta MFYda dehqonchilik va tomorqa, 2 ta MFYda bog‘dorchilik, 7 ta MFYda xizmat ko‘rsatish, 2 ta MFYda parrandachilik va yana 2 ta MFYda issiqxona biznesini rivojlantirishga kuch, imkoniyat va aholining yetarli darajada tajriba, ko‘nikmalari borligi aniqlandi.
Shuni alohida aytish kerakki, mas’ullar faqat mahallaning o‘sish nuqtasi va uning drayverini o‘rganibgina qolmay, har bir xonadonning ham drayverini aniqlashga harakat qilmoqda. Bunda mahallalardagi xonadon egalarining layoqati va mehnat ko‘nikmalariga ham e’tibor qaratilayapti.
Shuhrat Suyarov, O‘zA