Mahalla va tashkilotlarda stol tennisi ommalashmoqda
Mamlakatimizda yoshlarni jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga keng jalb etish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini yanada ommalashtirish, jamoa va mahalla ahlining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi hamda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi hamkorligida poytaxtimizning Mirobod tumanida havaskorlar o‘rtasida tashkil etilgan Toshkent shahar birinchiligi ham ayni maqsadlarga xizmat qildi.

Kutilganidan-da qiziqarli o‘tgan bahslarda 100 nafardan ortiq havaskor kichik raketka ustalari g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Murosasiz bellashuvlar natijasiga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida sovrinli o‘rinlar Qosim Abdukarimov, Sherzod Unarov, Otabek Umarovga tegishli bo‘ldi. Xotin-qizlar o‘rtasidagi o‘yinlarda Malika Ermatova, Olga Stoyka va Maftuna Toshmamatova shohsupaga ko‘tarildi.

– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan aholi orasida turli sport musobaqalari qatori stol tennisi bo‘yicha tizimli musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan. Bu borada maxsus reja ishlab chiqqanmiz. Shunga asosan, nafaqat mahallalarda qolaversa, turli tashkilotlarda stol tennisi musobaqalarini uyushtirishni maqsad qilganmiz. Ayni kunlarda prokuratura organlari xodimlari o‘rtasida stol tennisi bahslari o‘tkazilmoqda. Yil davomida joylarda 50 dan ziyod ommaviy musobaqalarni tashkil etish orqali minglab yoshlarni, aholi vakillarini, tashkilot xodimlarini stol tennisi mashg‘ulotlari bilan qamrab olishni niyat qilganmiz, – deydi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi ijrochi direktori Akbarjon Meliziyayev.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA