Mahalla va OAV hamkorligi - yangi bosqichda
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritish, aholi muammolarini ommaviy axborot vositalari orqali tizimli ko‘tarish hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida tomonlar islohotlar mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, ijtimoiy muammolarga yechim topishda media imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jurnalistlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, milliy qadriyatlar va ilg‘or mahalla tajribalarini targ‘ib qilish borasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida axborot almashish, mahalla manfaatlarini himoya qiluvchi materiallar tayyorlash, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish orqali ilg‘or tajribalarni ommalashtirish belgilandi. Shuningdek, seminar-treninglar, davra suhbatlari va mediatadbirlarni birgalikda tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tomonlar jurnalistlarning mahallalar hayotini xolis yoritishi, tahliliy, video va audiomateriallar tayyorlashi orqali dolzarb masalalarni keng jamoatchilikka yetkazish muhimligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, Mahallalar uyushmasi jurnalistlarni zarur axborot bilan ta’minlash, mediaturlar va matbuot tadbirlarini tashkil etish orqali ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi.
Uchrashuv yakunida yosh jurnalistlar va mahalla xodimlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkazish, ijtimoiy tarmoqlarda samarali kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro auditoriya uchun qo‘shma materiallar tayyorlashga kelishib olindi.
Yakunda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
O‘zA