Mahalla – tarbiya va hamjihatlik maskani
Mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Buxoro viloyat kengashining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish kun tartibidagi birinchi masala – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar to‘g‘risida viloyat hokimi, viloyat mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisi Botir Zaripov ma’ruza qildi.
O‘tgan yil 26 sentyabrda mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish, mahalla “yettiligi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
[gallery-15485]
Mahalla shunchaki jamiyat boshqaruvining quyi tizimi bo‘libgina qolmay, asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab kelayotgan xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani hamdir.
Shu bois, keyingi yillarda mahalla instituti milliy davlatchiligimizning muhim bo‘g‘inlaridan biri sifatida shakllandi.
Bu davrda soha rivojiga doir 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani, har bir yo‘nalish rivojida “mahallabay ishlash” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilganini alohida qayd etish lozim.
Buning natijasida mahallalarda fuqarolar yig‘ini raisiga qanot bo‘luvchi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va boshqa mas’ullardan iborat “yettilik” tarkibi shakllantirildi. Har bir mahallada profilaktika inspektori faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ta’sis konferensiyasida Buxoro viloyatidan ishtirok etadigan delegatlar saylandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari