Mahalla servis kompaniyasi aholi xizmatida
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 25-iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mahallalarni saqlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, aholi va kommunal xizmat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda aholini mahalla obodligiga keng jalb qilishda dasturul amal vazifasini o‘tamoqda.
Ushbu qaror asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham mahallalar obodligi bilan shug‘ullanuvchi “Mahalla servis kompaniyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, To‘rtko‘l tumanidagi “Ziyokor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilgan “Ziyokor MSK” servis kompaniyasi bugun mahalla obodligi va aholi farovonligi yo‘lida sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
2025-yilda davlat tomonidan mazkur kompaniya uchun alohida yer maydoni va 350 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Yaqinda “Stroy Gold” mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan zamonaviy talablarga mos ravishda qurilgan kompaniyaning yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Davlat tomonidan mahalla servis kompaniyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 11 turdagi zarur asbob-uskuna va texnikalar bepul taqdim etildi. Endilikda mahalla ahli turli maishiy muammolar uchun uzoqqa borishi shart emas.
“Ziyokor MSK” aholiga elektrik va santexnik xizmati, yerga ishlov berish va ko‘chat ekish, maishiy texnika va mebellarni ta’mirlash, quyosh panellarini o‘rnatish, tandir, o‘choq va isitish qozonlarini yasash, gilam yuvish va hasharotlarga qarshi dorilash, uylarni ta’mirlash va devorlarga rang berish kabi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, servis kompaniyasi mahalla hududining doimiy ozodaligi va obodligiga ham mas’ul etib belgilangan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.