Mahalla raisiga yana ishonch bildirildi
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatining tuman va shaharlaridagi mahallalarda ham mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovlari bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonuni hamda belgilangan tartiblar asosida o‘tkazilgan saylov jarayoni Andijon tumanidagi Og‘illik mahallasida ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga boy hayotiy tajribaga ega, aholi o‘rtasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan, bilimdon, adolatli, ko‘pni ko‘rgan, mahalla ahlini xayrli ishlarga ergashtira oladigan, tashabbuskor, tashkilotchilik qobiliyatiga ega munosib nomzodlar qo‘yildi.
Andijon tumanidagi “Og‘illik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 1 ming 50 dan ortiq xonadon tarkibida 5 ming 100 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Belgilangan tartiblarga ko‘ra, o‘tkazilgan saylov jarayonida mahalla aholisining 400 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.
Raislikka to‘rt nafar nomzod qo‘yildi. Ular orasidan ushbu mahallada rais vazifasida ishlab kelayotgan Muhabbatxon Qurbonovaga mahalla aholisining aksariyati ishonch bildirdi. U eng ko‘p ovoz olib, mahalla raisligiga qayta saylandi.
[gallery-23174]
– Qayta saylagan raisimiz ushbu vazifada qariyb 15 yildan buyon ishlab keladi, – deydi mahallaning Sohilbo‘yi ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Ma’rufjon Maqsudov. – U tashkilotchi, tashabbuskor, mahalladagi turli masalalarni, muammolarni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatadi. Uning faoliyatidan mahallamiz aholisi xursand. Shu bois, ko‘pchilik uni yana qayta saylash uchun ovoz berdi.
Mahalla raisi saylovi Andijon tumanidagi 79 mahallada belgilangan muddat, tartib va demokratik tamoyillar asosida o‘tkaziladi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari