Mahalla o‘zgarsa, butun jamiyat o‘zgaradi
Bugun yurtimizda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida so‘z ketganda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘p bora tilga olinmoqda. Bu bejiz emas. Chunki, mahalla – Vatan ichra kichik Vatandir.

Bundan to‘qqiz yil oldin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, tashabbusi bilan mahalla tizimida bosqichma-bosqich tub o‘zgarishlar boshlandi.
Davlatimiz rahbarining “mahalla obod bo‘lsa – mamlakat obod bo‘ladi”, – degan purma’no so‘zlari bor. Shu maqsadda 2018 yil mart oyida respublikada birinchilardan bo‘lib namuna asosida Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi “Manas” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod mahalla” dasturi amalga oshirildi. Manas qishlog‘i 45 kun ichida tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Obodonlashtirish ishlari boshlanishdan oldin, binolari eski, yo‘llari loyga belangan o‘z holicha tashlab qo‘yilgan, muammolar girdobiga tushib qolgan qishloq edi.
“Manas”da qisqa fursatda zamonaviy mahalla markazi, madaniyat saroyi, bog‘cha, poliklinika, sport maydonchasi yangidan barpo etildi. Aholini ish bilan ta’minlashga, tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Xalqimiz juda katta xushnudlik va ko‘tarinkilik bilan qarshi olgan davlat rahbarining yangi tashabbusi asta-sekin respublikamizning barcha hududlarida quloch yoydi. Hattoki, qo‘shni davlatlar vakillari ham bu tajribani o‘rganish maqsadida “Manas”ga kelib-ketgani bor haqiqat.
Obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda mahalla tizimining nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Mamlakat yetakchisining, ayni paytda ham mahallalarni islohotlar maskaniga aylantirishga e’tibor qaratgani bejiz emas. Chunki, mahallalar jamiyatimiz hayotida qadim-qadimdan muhim o‘rin tutib kelgan. Masalan, IX asrning oxiri va X asrning boshlarida yashab o‘tgan, Markaziy Osiyo tarixnavisligining ilk qadimiy durdonalaridan biri bo‘lmish “Tarixi Buxoro” asari muallifi Abu Bakr Narshaxiy Buxoroda o‘sha davrlarda bir qancha obod mahallalar bo‘lganini qayd etgan. Mahallalar, ayniqsa, Amir Temur davrida yanada ravnaq topgan. Mahallalar aholining kasb-kori asosida shakllangan va shunga mos nomlangan. Masalan, zargarlar yashaydigan mahalla “Zargarlik”, sovun ishlab chiqaruvchi hunarmandlar yashaydigan mahalla “Sovungarlik”, misgarlar yashaydigan mahalla “Misgarlik”, temirchilar yashaydigan mahalla “Temirchilar” va hokazo...
Lekin sobiq sho‘ro tuzumi davrida mahallaga ham o‘tmish sarqiti deb qaraldi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida mahalla tizimida bir qancha o‘zgarishlar bo‘lgan bo‘lsa-da, mahalla idoralari faqat davlatdan ajratilgan moddiy yordamni bo‘lish, ommaviy paxta terimiga yoki boshqa jamoat ishiga odamlarni jalb qilish va ma’lumotnomalar beradigan nomi ulug‘, suprasi quruq byurokratik apparatning bir qismiga aylandi. Ko‘plab mahallalarning hatto, idorasi yo‘qligi, turli joylarda ijaraga joylashgani ham odamlarga noqulayliklar tug‘dirardi.
Bugunga kelib muhtaram Prezidentimiz tashabbusi va metin irodasi tufayli mahallalarda vaziyat tubdan o‘zgardi. Ayni paytda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar bilan ishlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahallalarni huquqbuzarliklardan xoli hududga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlar ham diqqatga sazovor.
Ayniqsa, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, mahalla bankiri hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma – “mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu mahallalardagi iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy muhitni tubdan o‘zgartirdi.
Bugun hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olgan tub islohotlarni “mahallabay” asosida amalga oshirish, barcha qishloq va mahallarimizni jadal rivojlantirishga eng dolzarb masalalar sifatida qaralmoqda. Shuning uchun ham Prezidentimiz bu borada bo‘lib o‘tayotgan videoselektor majlislarida “mahallabay” ishlash usuli orqali ulardagi mavjud muammolarni bartaraf etish to‘g‘risida qayta-qayta ta’kidlamoqda. Shunday ekan, bugun davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilayotgan haqli talab, ya’ni vazirliklardan tortib, to quyi bo‘g‘in rahbarlarigacha “mahallabay” tizimida ishlashi, aholining dard va tashvishlarini bilishi, mavjud muammolarni bartaraf etibgina qolmay, ishga solinmagan ichki zaxiralardan foydalanishda yangi o‘sish nuqtalarini topishda o‘z samarasini bermay qolmaydi.
Lekin ayrim o‘z vazifasiga vijdonan kirishmagan va olib borilayotgan islohotlarga yetarlicha e’tibor qaratmayotgan quyi va o‘rta bo‘g‘in mutasaddilarining loqaydligi tufayli aynan joyida yechim topishi mumkin bo‘lgan ko‘pgina muammolar, yuqori turuvchi vazirlik va idoralargacha chiqib borayotgani afsuslanarli hol.
Misol uchun, viloyat, shahar, tuman davlat idoralari tomonidan takroriy murojaatlarning joyiga chiqib, muallif ishtirokida to‘liq ko‘rib chiqilmayotganligi, shuningdek, ularning kelib chiqish sabablari va oqibatlari tahlil etilmayotganligi bois Jizzax viloyati bo‘yicha 585 ta takroriy murojaat kelib tushgan.
Mazkur masalalar tahlil qilib o‘rganish davrida shu narsa ayon bo‘ldiki, har bir masalaga jiddiy yondashilsa, ushbu murojaatlarning 60-65 foizi viloyat, shahar va tuman miqyosida ijobiy yechim topishi mumkin.
Afsuski, ayrim “mahalla yettiligi” vakillari ushbu murojaatlarning ijobiy yechimiga befarq bo‘lmoqda. Ayrim mahallalarda “xonadonbay”, uyma-uy yurib o‘rganishlarda chiqarilgan xulosalar ham faqat hisobot uchungina qilinayotgandek go‘yo. Chunki, xonadonma-xonadon, uyma-uy yurib, odamlar bilan muloqot davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni faqatgina qayd etmasdan, uni bartaraf etishga kirishilsa, jon kuydirilsa, ko‘pgina muammolarni aynan joyida hal qilish mumkin.
Mahallani joylardagi muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirish – zamon talabi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Hozirgi tahlikalarga yechim topamiz desak, bizning yagona yo‘limiz – mahalla, mahalla, mahalla va bir marta mahalla. Mahalla tizimi obro‘yini qancha ko‘tarsak, odamlar ishonadi, odamlar bizdan rozi bo‘ladi”.
–Bir paytlar arzimagan muammoga yechim istab, dardimizni kimga aytishni bilmay, u idoradan bu idoraga yugurgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Bugun esa tamomila boshqacha tizim, ya’ni vazirdan tortib viloyat, tuman, shahar mutasaddilari ham xalqning oldiga kelib uchrashyapti. Muammolarni qo‘rqmasdan aytyapmiz. Ilgarigidek, “Sen rahbariyatni tanqid qilding” deb tazyiqqa olishlar yo‘q. Ko‘pchilikning fikri bilan hamma hisoblashyapti. Demokratiya – degani aslida shu bo‘ladi. Buning uchun Prezidentimizga qancha rahmat aytsak kam, – deydi Zomin tumani Soychi qishlog‘ida yashovchi Abduvali bobo Majidov.
Saylovchilar bilan muloqot davomida Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar naqadar to‘g‘ri va xalqchil ekanligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Agar mutasaddilar fidoiy bo‘lib, aholi dardi va tashvishiga yechim topishga, odamlarni rozi qilishga vijdonan intilsa, islohotlar samarasi oddiy insonlar hayotida bo‘y ko‘rsatadi. Qolaversa, mahallalardagi yechimini kutayotgan dolzarb vazifalarning aksariyati hududning o‘zida tuman (shahar), viloyat miqyosida ijobiy yechim topadi.
Har bir murojaat ortida odamlar, ularni qiynayotgan muammolar borligini unutmaslik kerak. Joylardagi mutasaddilar, deputatlarning birinchi galdagi burchi – ushbu murojaat qilgan odamlarning tashvishiga yechim topishdan, ularni rozi qilishdan iborat. Bunday kezlar xalq ishonch bildirib saylagan deputatlar – mahalliy hokimlik, mahalla yettiligi va aholi o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashi kerak ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi.
Xalqimiz hamon deputatlarga katta ishonch bilan qarayotgani, ularga o‘z dardi va tashvishlarini aytayotgani xalq noiblari zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshiradi. O‘zim saylangan 25-“Navoiy” saylov okrugi hududida saylovchilar bilan tez-tez uchrashuvlar tashkil qilib turaman. Mazkur saylov okrugi Zomin tumanidagi 6 ta – “Gulshan” va “Navoiy” QFYlar hamda “Nurlikent”, “Qo‘shtol”, “Peshag‘or”, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, Zarbdor tumanidagi 4 ta – “Yoshlik”, “Navbahor”, “Oqar”, “Toshkesgan” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridan iborat.
Saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlarini, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda “mahalla yettiligi” va faollarini ham taklif etyapmiz. Muloqotlar davomida aholi tomonidan qilingan murojaatlarni taklif etilgan mutasaddi tashkilot vakillari bilan birga ijobiy hal etiladi. Misol uchun, Zomin tumani “Yoshlik” MFYda o‘tkazilgan oxirgi uchrashuvda saylovchilar tomonidan turli masalalarda 14 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlar mazmunan tahlil qilinganda, ularning 1 tasi respublika miqyosida, 7 tasi viloyat miqyosida hal bo‘ladigan masalalar. Qolganlari esa tuman miqyosidagi muammolar. Ushbu murojaatlar ijrosiga tegishli mutasaddilar vijdonan yondashsa va qattiq nazoratga olsa, unda ko‘tarilgan muammoli masalalar albatta ijobiy yechim topadi.
“Pishag‘or” MFY Soychi qishlog‘ida yashovchi Buvsara Xonto‘rayevaning nogironlikka chiqarish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanish to‘g‘risidagi murojaati ham tinglandi. Murojaat Ijtimoiy himoya milliy agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi xodimlari ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqildi va ijobiy yechim topdi.
Demak, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, har bir murojaatga befarq bo‘lmasdan, ularning quvonch-tashvishlarini, dardi, muammolarini bilish, ularni bartaraf etish so‘z birlikni, ish birlikni, fidoyilik va mas’uliyatni talab qiladi.
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan ezgu tamoyil bugun barcha darajadagi idora va tashkilotlar uchun dasturilamalga aylandi. Mamlakatimizdagi islohotlar natijalari, sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar va bunga aholining munosabati, ularning kayfiyati, avvalo, mahallada aks etadi, mahallada seziladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “...Mahalla – yorug‘ yuzimiz va vijdonimiz ko‘zgusi”. Shu sabab, “yuqoridan – quyiga” tamoyili asosida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar mexanizmida mahallaning o‘rni va ahamiyati ortib bormoqda.
Shunday ekan, bugun Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlash, barcha bo‘g‘in mutasaddilaridan, deputatlardan, faollardan o‘z zimmalariga yuklangan mas’uliyatni chuqur his qilib harakat qilishni talab qiladi.
Erkin XOLMATOV,
O`zLiDeP Jizzax viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi
partiya deputatlik guruhi rahbari
ЎзА