Mahalla organlari faol bo‘lishi kerak
Buxoroda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi hamkorligida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda mahalla organlarining faolligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi va uning shahar, tuman bo‘limlari hamda viloyatdagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan “mahalla yettiligi” vakillari, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi davlat subsidiya mablag‘lari doirasida tashkil etildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda unda belgilangan maqsadlar, xususan mahalla tizimi bilan bog‘liq vazifalar mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirishlar berildi. Strategiyaning qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishga qaratilgan to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishining 74-maqsadida bir qator vazifalar belgilab berilgani ta’kidlandi.
– Strategiyada mahalla mablag‘larini aholining ovoziga ko‘ra, infratuzilma loyihalariga yo‘naltirish, mahallalardagi muammolarni hal etish uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdorini kamida 3 barobar ko‘paytirish hamda ushbu mablag‘larni 24 trillion so‘mga yetkazish belgilangan, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Jamshid Jo‘rayev. – Mahallalarda 100 dan ortiq davlat xizmatlarini “bir qadam”da ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni 100 foiz raqamlashtirish hamda har bir mahallada “elektron xizmat nuqtalari”ni ishga tushirish bo‘yicha belgilangan aniq vazifalar bo‘yicha tadbir ishtirokchilariga batafsil tushuntirishlar berib o‘tildi.

Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ahamiyati xususida so‘z bordi. O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” gi qonuniga asosan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari jamoatchilik nazorati sub’ekti etib belgilangan bo‘lib, bugungi kunda viloyatdagi mahallalarda jamoatchilik nazoratini olib borishdagi faoliyati hamda erishilgan yutuq va kamchiliklar bo‘yicha tahlillar muhokama qilindi.
Davra suhbatida mahalla institutini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda “mahalla yettiligi” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham so‘z bordi.
Davra suhbati yakunida soha mutaxassislarining mavzu muhokamasi davomida bildirgan fikr-mulohazalari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdagi faolligini oshirish hamda sohada uchrayotgan ayrim muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqildi. Ijobiy ish tajribalarini keng ommalashtirishni tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab olishga kelishib olindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.