Mahalla – aholi muammolarini hal etishning samarali bo‘g‘ini
Mahalla o‘zini o‘zi boshqarishning an’anaviy instituti. Zamonaviy dunyoda globallashuv va urbanizatsiya jarayonlariga qaramay, mahalla aholining talab va manfaatlarini aks ettiruvchi ahamiyatini saqlab kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga doir farmoni hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qaroriga muvofiq qator islohotlar amalga oshirildi.
Mahallalarda fuqarolar bilan ishlash, ularning muammolarini joyida hal qilishga qaratilgan «Mahalla yettiligi» tizimi joriy etildi.
Mahalla raisi boshchiligidagi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliq inspektori hamda ijtimoiy xodimdan iborat turli idoralarning mahalladagi vakillari hamfikrlikda faoliyat olib bormoqda. Bu jamoaga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoat faollari tomonidan turli yo‘nalishda ko‘mak berib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, AQSHning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) va «Chemonics International» kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat organlari bilan ularning faoliyatini takomillashtirish, sifatli xizmat ko‘rsatish, mas’uliyati va hisobdorligini oshirish, demokratik boshqaruvda fuqarolar ishtirokini kuchaytirish sohalarida yaqindan hamkorlik qilish maqsadida besh yillik “Mahalliy davlat hokimiyatini rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi sifatida O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasiga muvofiq, ilg‘or tajriba va hisob-kitoblar asosida markazlashgan tizimdan markazlashmagan tizimga o‘tish strategiyasi uchun zarur me’yoriy-huquqiy bazani yaratish bo‘yicha yurtimiz bilan yaqindan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, hududlardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlariga mavjud yoki yangi majburiyatlarini yaxshiroq bajarish imkonini berish orqali mahalliy boshqaruvni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlar qabul qilishda fuqarolar ishtirokini oshirish va hududlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishga ko‘maklashishdan iborat.
Joriy yilning iyul-sentyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda tadqiqot olib borildi. Undan ko‘zlangan maqsad – aholining mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatga bo‘lgan munosabatini, mahalliy sektorlar va mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatidan aholining qoniqish darajasini aniqlash. Shuningdek, olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, joylardagi mahalliy boshqaruv tizimlari – MFY yettiligi, sektorlar, shahar/tuman hokimliklarining ish samaradorligini baholashda jamoatchilik fikrini e’tiborga olish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqish belgilab olindi.
Tadqiqot doirasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan keyinchalik o‘z faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan anketa so‘rovnomasi, tadqiqotga intervyularni saralashga doir uslubiy ko‘rsatma, sotsiologik tadqiqotda respondentlarni saralashga doir qo‘llanma, agentlikning joylardagi rahbar xodimlar faoliyati samaradorligini baholashga qaratilgan elektron platformaga integratsiya qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqildi. Uslubiy ko‘rsatmalar Jizzax va Navoiy viloyatlarining barcha tuman, shaharlarida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov orqali sinab ko‘rildi.
Olingan natijalar aholining sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasi ijobiy ekanligini, MFYda infratuzilma holatidan, boshqa tashkilotlar bilan hamkorligidan, aholi bilan muloqot va murojaatlar ijrosidan, mahalla yettiligi faoliyatidan qoniqish darajalari yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
Bugungi kunda fuqarolarda davlat muassasasi va davlat xizmatchilariga nisbatan ishonch darajasini oshirish hamda aholi ishonchini suiiste’mol qilmaslik davlat siyosatining asosiy maqsadlaridan biridir.
Mahallaning o‘zaro aloqalari va hamkorligi orqali, jamiyatning barqarorligi va rivojlanishi ta’minlanadi.
Alisher YUNUSOV,
Sotsiologiya fanlari nomzodi, dotsent.
O‘zA