“Madaniyat.Meros.Men” ma’rifiy aksiyasi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi hamda Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san’at muzeyi hamkorligida tashkil etilgan ma’rifiy aksiya “Madaniyat.Meros.Men” deb nomlandi.
Uning ochilishida Madaniy meros agentligi direktori Tursunali Qo‘ziyev mamlakatimizda boy milliy madaniy merosimizni ko‘z-qorachig‘idek asrab-avaylash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Aksiya doirasida Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san’at muzeyi jamoasi hamda Nukus davlat universitetining iqtisodiyot fakulteti turizm yo‘nalishi birinchi bosqich talabalari qadimiy shahristonlar, qal’alar, qo‘hna kentlar hududini begona o‘t-o‘lanlar hamda turli chiqindilar, maishiy qoldiqlaridan tozaladilar.
Bu kabi ma’rifiy loyihalar yoshlarni madaniy merosimizga hurmat, vatanparvarlik, yurt taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘usida tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.
N.Usmonova,
O‘zA