Madaniyat xodimlarining huquqi tiklandi
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish sho‘’basi tomonidan Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi xodimlarining ustama to‘lovlari to‘lanmayotganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaatlari o‘rganib chiqildi. Natijada xodimlarga 96 million 80 ming 254 so‘m miqdorida ustama to‘lovlari to‘lanmaganligi aniqlandi.
Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining 11-bandiga asosan, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari uchun mehnatga haq to‘lashning yagona tizimi joriy etilguniga qadar Madaniyat vazirligi, hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlari uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ushbu xarajatlar uchun Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish turlari joriy etilgan.
Madaniyat boshqarmasi xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sudning hal qiluv qaroriga asosan xodimlarga to‘lanmay qolingan 96 million 80 ming 254 so‘m miqdorida ustama to‘lovlari undirilishi belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA