Madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillarining mehnati e’tirofi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi. Ta’kidlanganidek, yurtimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalari rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijod ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, milliy san’atimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur farmonga muvofiq, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, boy madaniy merosimizni rivojlantirish hamda uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan 167 nafar soha vakili davlatimizning yuksak faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi.
[gallery-29699]
Shuningdek, farmon asosida milliy madaniyatimiz va san’atimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, boy ijodiy merosi bilan xalqimiz qalbidan mustahkam o‘rin olgan 24 nafar marhum ijodkor davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot ahliga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibor ijodkorlar uchun katta rag‘bat ekanini, milliy madaniyatimizni yanada yuksaltirish yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
M.Komilova, O‘zA