“Madaniyat karvoni" – unutilmas musiqa oqshomi
Jizzax shahrida “Madaniyat karvoni” musiqiy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu madaniy-ma’rifiy loyiha sabab aholi ajoyib musiqa mihitiga oshno bo‘ldi.
Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘chma sahna, muhtasham monitor, zamonaviy chiroqlar yog‘dusi va taniqli xonandalarning chiqishlari aholiga poytaxtning katta san’at saroylaridagi kabi sifatli hamda zavqli konsertni taqdim eta oldi.

Buni konsertga kelgan muxlislarning xursandchiligi va olqishlaridan ham bilish mumkin edi.
Dastur davomida Dilfuza Rahimova, Umid Shahobov, Iroda Iskandarova, Shahzod Murodov, Sardor Bekmurodov, Dilmurod Otajonov, Saidakbar Xolmatov kabi muxlislar qalbidan joy olgan san’atkorlarning qo‘shiqlarini konsertga yig‘ilganlarning deyarli barchasi birgalikda ijro etishdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tomoshabinlar bu kabi musiqiy dasturlarni anchadan buyon sog‘inib qolgani ayon bo‘ldi.


Shu tariqa "Madaniyat karvoni"ning bu galgi taassurotli konserti ham o‘z yakuniga yetdi. Ammo uning quvonchli shukuhi tomoshabinlar xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolsa ajab emas.
N.Usmonova, O‘zA