Madaniy meros obyektlari – milliy saytlarda
Mamlakatimizda axborot uzatishning milliy tizimi va qulay axborot makonini shakllantirish, zamonaviy, ishonchli va xavfsiz ma’lumotlar bazasini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda axborot uzatishning milliy tizimi va qulay axborot makonini shakllantirish, zamonaviy, ishonchli va xavfsiz ma’lumotlar bazasini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar axborot xizmatlari bozorini rivojlantirish, milliy ma’lumotlar bazasi yordamida xalqaro axborot tarmoqlariga kirib borishda muhim ahamiyat kasb etayotir.Xalqimizning bebaho merosini milliy saytlarga joylashtirish, shu orqali navqiron avlodga to‘liq ma’lumot berish, mamlakatimizning turistik salohiyatini yuksaltirish maqsadida ko‘plab loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi UZINFOSOM markazi tomonidan “ZiyoNET” tarmog‘ida tashkil etilgan “O‘zbekistonning madaniy merosi” bo‘limi shunday loyihalardan biridir.
Poytaxtimizdagi Aloqa tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan tadbirda ushbu yangi resurs bo‘limi, uning imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur bo‘limda yurtimizning tarixiy-madaniy yodgorliklari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, zamonaviy bunyodkorlik inshootlari, qadamjolar xususidagi ma’lumotlar uch tilda muntazam berib boriladi. Ushbu manbani boyitish maqsadida “O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi” aksiyasi ham o‘tkazilmoqda. Ushbu aksiyada foydalanuvchilar o‘z yashash hududiga xos bo‘lgan moddiy va nomoddiy meros obyektlari haqida ma’lumot, surat va videotasvirlarni taqdim etishi mumkin. Uch bosqichda o‘tadigan mazkur loyiha internet o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Bo‘lim mavzu va mohiyatiga ko‘ra turli yo‘nalishlardan iborat, – deydi UZINFOSOM markazi yetakchi mutaxassisi Baxtiyor Nosirov. – Taklif bildiruvchi o‘z ma’lumotlarini belgilangan tartibda, “Yangi obyekt taklif qilish” maxsus shakli orqali joylashtirish imkoniyatiga ega. Ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu aksiyada taklif etilgan moddiy va ma’naviy meros namunalari ishtirokchilar hamda mutaxassislar tomonidan tanlab olinadi.
Yangi bo‘lim va aksiyadan ko‘zlandan maqsad bitmas-tuganmas axborot makoni, elektron do‘kon, kutubxona vazifasini bajaruvchi internetning milliy talablar asosida yaratilgan tarmoqlari orqali ko‘hna madaniyatimiz, tariximiz, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga oid manbalarni yoshlarga yetkazishdan iborat. Shu bilan birga, navqiron avlod qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini shakllantirish, uzluksiz ta’lim orqali olgan bilimlarini yanada mustahkamlashdir.
Tadbirda moddiy va nomoddiy merosimizni asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yosh avlodni tariximizga ehtirom ruhida kamolga yetkazish, ezgu qadriyatlarimizning bardavomligini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida “Mening bobom, buvim – mahallamiz faxri” mavzusida eng yaxshi insholar tanlovi ham e’lon qilindi.