“Loyihalar yarmarkasi” natija bermoqda
Markaziy bank Buxoro viloyati bosh boshqarmasi va Buxoro tumani hokimligi tashabbusi bilan “Loyihalar yarmarkasi” tashkil etildi va unda “Sayxunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” hamda “G‘ijduvon” tajribalari asosida tayyorlangan biznes rejalar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Mahallalarga biriktirilgan tijorat banklari vakillari, hokim yordamchilari va tadbirkorlar ishtirok etgan “Loyihalar yarmarkasi” doirasida aholining tadbirkorlik faoliyatiga daxldor 70 dan ortiq biznes reja muhokama qilindi. Yarmarka doirasida 30 dan ziyod tashabbuskorning loyihasi tijorat banklari tomonidan ma’qullandi.

“Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor “Islomova Farog‘at Samandar qizi” o‘tgan yili hokimning mahalladagi yordamchisi tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida 33 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini olib, bu sarmoyaga 50 million so‘m o‘z jamg‘armasini qo‘shib, xonadonida tikuvchilik faoliyatini boshlagan. Hozirda bu sa’y-harakat bilan u mahallasidagi 15 nafar ishsiz xotin-qizni, shundan, 3 nafari kambag‘allik reyestriga kirgan, 2 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroni ish bilan band qilgani tahsinga loyiq.

“Loyihalar yarmarkasi”da YATT “Islomova Farog‘at Samandar qizi” o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi va kelgusida 15 nafar ish o‘rni yaratish maqsadida 300 million so‘m miqdorida bank kredit mablag‘ini olmoqchi ekanligini bildirdi.

Shu kunning o‘zida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Erkin Mansurov boshchiligidagi ishchi guruhi mazkur tadbirkorning xonadonida bo‘ldi. Tadbirkorning faoliyati bilan yaqindan tanishdi va Farog‘at Islomovaga “Xalq banki” tuman filiali tomonidan kichik korxonaga kredit mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi.
O‘tkazilgan yarmarkada tadbirkorlik qilish niyatida bo‘lgan fuqarolar uchun biznes ko‘nikmasini shakllantirish, banklar tomonidan taklif qilinayotgan imtiyozli kredit sarmoyasi, yaratiladigan ish o‘rni, bandlikni ta’minlash jihatlariga ham e’tibor qaratildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri