Loyihalar ijrosi muhokama qilindi
Sirdaryo viloyatida investitsiya loyihalarining ijrosi va ularning samaradorligi yana bir bor tahlil markaziga chiqdi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov "Asaka Motors International" hamda "Yashil Ferma JV LLC" kompaniyalari vakillari bilan uchrashib, hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning bugungi holati, ish sur’ati va dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Muloqotda, ayniqsa, Xovos tumanida "OTP Bank Group" ishtirokida amalga oshirilayotgan “Yashil ferma” parrandachilik kompleksiga alohida e’tibor qaratildi. Qiymati 165 million dollar bo‘lgan mazkur yirik loyiha ishga tushirilgandan so‘ng yiliga 28 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu nafaqat bozordagi talabni qondirish, balki eksport yo‘nalishini kengaytirish uchun ham muhim qadamdir.
Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati, quvvati 62,5 ming tonna bo‘lgan zamonaviy ozuqa ishlab chiqarish korxonasining barpo etilishidir. Bu esa tarmoqda to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, mazkur kompleks to‘liq quvvatda ishga tushirilganda 500 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Uchrashuvda sanoat sohasidagi yangiliklar ham muhokama qilindi. Jumladan, Sirdaryo tumanidagi "Asaka Motors" zavodida yangi “WULING N111” avtomobilini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Yetti o‘rinli mazkur transport vositasi ixchamligi va amaliyligi bilan ajralib turadi. Uning uzunligi 3 797 mm, kengligi 1 510 mm, balandligi 1 820 mmni tashkil etadi. Avtomobil 1,2 litrli, 82 ot kuchiga ega injektorli atmosfera dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, 100 kilometrga o‘rtacha 6,3 litr yonilg‘i sarflaydi. Yonilg‘i baki hajmi 38 litrni tashkil etadi. Shuningdek, standart jihozlar qatoriga konditsioner, ABS tizimi va boshqa xavfsizlik vositalari kiritilgani uni ichki bozorda raqobatbardosh modellardan biriga aylantirishi kutilmoqda.
Investorlar tomonidan loyihalar izchil ilgarilayotgani, hududda yaratilgan investitsiya muhiti va davlat ko‘magi amaliy natija berayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ular Sirdaryoda yana yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish rejalari borligini ma’lum qildi.
Viloyat rahbari esa masalaga aniq yondashuvni belgilab berdi: har bir loyiha, avvalo, ish o‘rinlari va qo‘shimcha qiymat demak. Demak, natija bo‘lishi shart. Shu nuqtai nazardan, investorlarga qonun doirasida barcha sharoitlar yaratilishi, ammo ish sur’ati va samaradorlik birinchi o‘rinda turishi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri