Loyiha orqali odam savdosining oldi olinadi
Nukusda “Ishsiz ayollarni, migrantlar va ularning oila a’zolarini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali odam savdosining oldini olish” loyihasi yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi rahbari Gulnora Mahmudova va boshqalar ta’kidlaganidek, mazkur loyiha “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” loyihasi doirasida mamlakatimizning Andijon, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilmoqda. Shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 480 nafar (20 nafar odam savdosi jabrlanuvchisi, 150 nafar xorijdan qaytgan migrant, 150 nafar migrantlar oilalari a’zosi va 160 nafar ishsiz) yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorlik asoslariga o‘qitilib, biznes sub’ektlarining ochilishi, ularga kichik grantlar ajratilib, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shu bilan odam savdosining oldini olishga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Ushbu loyiha AQSH Xalqaro Taraqqiyot agentligi (USAID) grant mablag‘i hisobidan moliyalashtiriladi va uni amalga oshirishda milliy hamkor etib O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi belgilangan.
[gallery-14258]
“Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi va uning Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi biznes-trenerlari tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tuman bo‘limlari bilan hamkorlikda ushbu loyiha doirasida 2022 yil sentyabr oyidan 2023 yil sentyabr oyigacha Xo‘jayli, Shumanay, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Kegeyli, Bo‘zatov tumanlarida va Nukus shahrida “Tadbirkorlik asoslari va xavfsiz migratsiya” mavzusida 3 kunlik treninglar o‘tkazildi. Loyiha doirasida biznes-maslahatchilar tomonidan 710 nafar ishtirokchiga bepul maslahat xizmati ko‘rsatiladi.
Ushbu loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasida hamkor tashkilotlar – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi shahar va tuman bo‘limlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari