Londondagi xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi
Buyuk Britaniyaning London shahrida “IFE London – 2026” xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
ExCeL London ko‘rgazmalar majmuasida tashkil etilgan namoyish Yevropadagi eng yirik tarmoq tadbirlaridan biri hisoblanadi. Unda 1 500 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. 30 mingdan ziyod mutaxassis tashrif buyurgan.

Ko‘rgazmada turli mamlakatlardan oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari, eksportyorlar, distribyutorlar hamda riteyl tarmoqlari vakillari qatnashyapti.
Bu yilgi anjumanda Savdo-sanoat palatasi va “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati ko‘magida O‘zbekiston vakillari ham faol ishtirok etmoqda.

Palataning O‘zAga ma’lum qilishicha, mamlakatimiz milliy paviloni tashkil etilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlar o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda. Pavilonda 30 ga yaqin o‘zbek kompaniyasi ishtirok etib, ularning umumiy eksport hajmi 107,5 million dollarni tashkil etadi.

O‘zbekiston paviloni doirasida xorijiy xaridorlar, distribyutorlar va investorlar bilan uchrashuvlar, mahsulotlar taqdimotlari hamda degustatsiyalar ham tashkil etilmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Yevropa bozoriga chiqish va yangi eksport aloqalarini o‘rnatishda muhim imkoniyat yaratadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, “IFE London – 2026” kabi xalqaro platformalarda ishtirok etish O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati salohiyatini namoyon etish, “Made in Uzbekistan” milliy brendlarni ilgari surish hamda tashqi savdoni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA