Lokomativ vazifasini bajarayotgan ustozlar
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda “Biz ta’zim qilamiz, Sizga ustozlar!” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir avvalida agentlik rahbari Hilola Umarova ustozlarni bayram bilan tabriklab, ularning kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
— Ushbu ta’lim dargohida o‘qiyotgan iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash hamisha sizdek o‘qituvchilardan kuchli bilim hamda mehnat talab qiladi, — dedi H.Umarova. — Men “lokomotiv” vazifasini bajarayotgan, maktablarimizda siz kabi o‘z kasbini sevgan o‘qituvchilar bilan birga ishlayotganimdan faxrlanaman.

Tadbir doirasida o‘qituvchilarni suhbatga chorladik. Mazkur dargohda ta’lim berish uchun o‘qituvchi sifatida qanday yangi uslublardan foydalanasiz, deya bergan savolimizga matematika fani o‘qituvchisi Iroda Soibova quyidagicha javob berdi:
— Eng avvalo, darsga kirganim hamon shaxsiy hayotimdagi har qanday muammolarni unutaman, —deydi Iroda Soibova. —Chunki biz yaratuvchi insonlarni tarbiyalayapmiz. Shu bois men har kuni har bir darsga alohida tayyorgarlik ko‘rib kiraman. Sinfdagi bolalarning o‘zlashtirish darajasiga qarab topshiriq tayyorlayman. Misol uchun, juda kuchli o‘quvchilarga 10 ta topshiriq bersam, standart o‘zlashtiruvchi hamda sustroq o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar uchun alohida topshiriqlar tayyorlayman. Matematik misollarni ularning qiziqishlaridan kelib chiqib tuzaman. Aytaylik qaysidir o‘quvchi aniq fanlardan tashqari futbolga qiziqadi, misollarni futbol maydoni bilan bog‘lab tuzaman. Shunda o‘quvchi matematika vertual fan emas, hayot bilan chambarchas bog‘langan fan ekanini anglab yetadi. Ushbu masalalarni tuzishda ko‘proq ustozim Mirfozil Mirzaxmedovning matematikaga oid qo‘llanmalari hamda xalqaro matematik usullardan foydalanaman.

Ta’kidlash joizki, bugun yurtimizdagi maktablarda o‘qiyotgan ko‘plab iqtidorli o‘quvchilar mazkur maktabda o‘qishni niyat qiladi. Ammo ushbu maktabda o‘qish uchun niyatning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun o‘quvchi vaqtining asosiy qismini bilim olish, o‘z ustida ko‘proq ishlashga sarflashi zarur.
Ushbu maktabning 7 sinfida tahsil olayotgan Ibroxim Ismoilov ilgari Qibray tumanidagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qigan. Onasi Munisa Yusupovaning aytishicha, u bu yerga kelganidan so‘ng o‘quvchilar o‘rtasidagi raqobat uni yanayam o‘z ustida ko‘proq ishlashga undagan.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir badiy chiqishlar, ustozlarga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi. Tadbir doirasida shuningdek, mazkur maktabning ustoz-murabbiylari, jumladan, yoshi ulug‘ pedagoglar taqdirlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA