“LexUz” jamoasi Grand-Pri g‘olibi
Qozog‘istonning Aktau shahrida “Konstitutsiyaviy muloqot: Qozog‘iston – O‘zbekiston” mavzusida xalqaro talabalar konferensiya va olimpiada bo‘lib o‘tdi.
Ushbu huquqiy bilimlar musobaqasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Yuridik fakultetining “LexUz” jamoasi yuqori natija ko‘rsatib, eng asosiy mukofot – “Grand-Pri”ni qo‘lga kiritdi. Ularga Inson huquqlari, davlat huquqi va boshqaruv kafedrasi professori, yuridik fanlari doktori A.Gulimov va doktorant A.Tursinbayev ilmiy rahbarlik qildi.

Talabalar konstitutsiyaviy huquq yo‘nalishidagi nazariy va amaliy bilimlarini xalqaro darajada tasdiqladi. Sh.Yesenov nomidagi Kasbiy texnologiyalar va injiniring universiteti hamda hakamlar hay’ati tomonidan jamoaning huquqiy tahlil ko‘nikmalari eng yuqori bahoga loyiq deb topildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.