Kuzda ham bozorga qulupnay chiqmoqda
Farg‘ona viloyati Rishton tumani “Oq tomir” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Oybek To‘lanov ayni kunlarda qulupnay yetishtirib, bozorga peshma-pesh yetkazib bermoqda.
– O‘tgan yili shu navni olib keldik. Bahorgi hosilini har ikki kunda, kuzakning iliq kunlarida 3-4 kunda terib olinadi, – deydi u. – Yaxshi tomoni bu bahorda ham, kuzda ham hosil beraveradi. Faqat erinmay, yaxshi parvarish qilinsa bo‘ldi. Bu yil 20 sotix yerga ko‘chatini ekib ko‘paytirdik.
Oybekning aytishicha, xaridorlar kuzgi tansiq hosilning har kilosini 45-50 ming so‘mdan ulgurji olib ketishyapti. Ahamiyatlisi, qulupnay tuplarini plyonka bilan o‘rab, sovuqdan himoya qilish shart emas ekan. Ko‘klamda yana jonlanib, hosil beraveradi. Ayni kunlarda mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari davom etmoqda.
– bugungi kunda qulupnayning “Malvina”, “Bogema”, “Elsinore”, “Lord”, “Pegas”, “Albion” kabi kechpishar va o‘rta kechpishar navlari ommalashmoqda, – deydi Quva tumanida joylashgan Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi rahbari Hojiakbar Hojimatov. – Ilgari faqat bahorda sifatli meva beradigan navlar ekib parvarishlangan bo‘lsa, mirishkor dehqonlarimiz tomonidan ana shunday yangi navlarni ko‘paytirish, xalqimiz dasturxoniga kuz-qish mavsumida ham sarxil qulupnay yetkazib berish yo‘lga qo‘yilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA