Kuz spotting taassurotlarga boy bo‘ldi
Toshkent xalqaro aeroportida “Kuzgi spotting” (samolyotlarni suratga olish) tadbiri bo‘lib o‘tdi.
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu safar rekord darajadagi arizalar miqdori qabul qilingan va ma’qullangan. Aviaspottingda O‘zbekistonning turli shaharlari, shuningdek, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Fransiyadan kelgan 60 nafardan ortiq spotterlar ishtirok etgan. Ularning taxminan 20 nafari bolalar va o‘smirlar ekanligi ushbu faoliyat turining yoshlar orasida tobora ommalashib borayotganidan dalolat beradi.
– Men “Oyonnair” kompaniyasida ishlayman va 15 yildirki aviaspottingga qiziqaman. Shu yillar ichida ko‘plab mamlakatlarni aylanib chiqdim, o‘nlab aeroportlarga tashrif buyurdim va yuzlab havo kemalarini suratga oldim. Bu yil kolleksiyamda butun dunyo bo‘ylab: Jenevada (Shveysariya) “Panorama Airways”, Lionda (Fransiya) “FlyKhiva”, Milanda (Italiya) “Centrum Air” va Shatoruda (Fransiya) “Uzbekistan Airways” kabi O‘zbekiston kompaniyalari yangi samolyotlarining ajoyib suratlari paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, mamlakatingizda uchratish mumkin bo‘lgan qiziqarli samolyotlar hali juda ko‘p, – deya o‘z taassurotlari bilan bo‘lishadi fransiyalik mehmon Lyudovik Bexler.
Shu kuni aviaspotterlar ob’ektiviga “Silk Avia”, “Uzbekistan Airways”, “My Freighter”, “Flydubai”, “Wizz Air”, “Loong Air”, “Air Astana”, “FlyArystan”, “Utair”, “Aeroflot” va boshqa yo‘lovchi hamda yuk tashuvchi aviakompaniyalar samolyotlarining uchib kelish va uchib ketish jarayonlari tushdi.
Ta’kidlash zarur, O‘zbekistondagi ilk rasmiy aviaspotting 2021 yil 22 oktyabrda bo‘lib o‘tgan. Bu O‘zbekistonda rasmiy spottingning rivojlanishini boshlab berdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining spotting-turlarni muntazam o‘tkazilishini ko‘zda tutuvchi 2022 yil 26 yanvardagi “Aviaspottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi,
O‘zA