Kuz-qishga tayyorgarlik deputatlar nazoratida
Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish, energiya samaradorligini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda zaxirasini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
G‘ijduvon tumani hokimi Sh.Ashurov, hokimning birinchi o‘rinbosari B.Tolibovning axboroti eshitildi. Sessiyada ta’kidlanganidek, dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sib borayotgan, turli omillarga ko‘ra aholi daromadi kamayayotgan bir sharoitda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirishga doir muhim chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
G‘ijduvon tumanida ham aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Xususan, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida jami 10 296 gektar, shundan 5 080 gektar fermer xo‘jaliklari, 1 589 gektar dehqon xo‘jaliklari yer maydonlarida va 3 627 gektar aholi tomorqa yer maydonlariga ekinlar ekilib, samarali foydalanilmoqda.
Sessiyada ta’kidlanganidek, qish va bahor oylarida tuman ichki bozorlarida narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida ekinlar hisobidan qish-bahor mavsumi uchun jami 2,8 ming tonna, jumladan, 473 tonna piyoz, 1,4 ming tonna kartoshka, 488 tonna sabzi, 515 tonna guruch zaxira qilinib, grafik asosida oyma-oy ichki bozorga chiqarilishi belgilangan. Deputatlar tumanda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash yuzasidan belgilangan tadbirlar ijrosi bo‘yicha nazorat o‘rnatish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, sifat nazorati infratuzilmasini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi qulay iqtisodiy muhitni yaratish lozimligini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizning barcha hududlarida 2023-2024 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, ushbu manbalar orqali elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash hamda ma’muriy-maishiy bino, inshootlarda energiya resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p qavatli uy-joylar fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida tumanda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kuz-qish mavsumida ta’lim tashkilotlarini issiqlik bilan ta’minlash sifatini oshirish choralari ko‘rilib, tashqi isitish tarmoqlari izolyatsiya qilingan. Ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bo‘yicha kunlik monitoring olib borilmoqda. Barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining elektr tizimidagi kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
[gallery-13598]
Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib tumanda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumandagi 324 ta ob’ektda 1,4 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan. “Yashil energiya” maxsus qayta moliyalash kreditlari doirasida tijorat banklari tomonidan jami quvvati 282 kVt bo‘lgan 133 ta jismoniy va yuridik shaxslarga quyosh panellarini o‘rnatish uchun 3,3 milliard so‘mlik kreditlar ajratilgan. Deputatlar iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p qavatli turar joy fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash parametrlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarish, tumanning olis, borish qiyin bo‘lgan hududlarida ko‘mir yoqilg‘isi, suyultirilgan gaz bilan ta’minlanish darajasini yanada oshirish hamda uning uzluksizligi ustidan muntazam nazorat o‘rnatish kerakligini ta’kidladi.
Sessiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov ishtirok etdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va undagi normalarning mazmun-mohiyati, shuningdek, davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining ahamiyati, ularda belgilangan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur dasturilamal hujjatlar xalqimizning erkin va farovon hayot kechirishini ta’minlash, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligini ta’minlash, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
–Bugungi sessiya yig‘ilishida juda muhim masalalarni muhokama qildik, – deydi Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashi deputati Ma’ruf Olimov. – Tuman mas’ullarining hisobotlaridan o‘tgan davrda tumanimizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, energiya samaradorligini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda zaxirasini shakllantirish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinganiga amin bo‘ldik. Sessiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qatnashgani, yangilangan Konstitutsiya va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati haqida keng ma’lumotlar berilgani, tumandagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi masalalarni birgalikda muhokama etib, ularni hal qilish bo‘yicha zarur choralar belgilangani ayni muddao bo‘ldi. Bu kabi omillar faoliyatimizga yangicha ruh bag‘ishlab, ish samaradorligini yanada oshirishiga ishonchim komil.
–Oziq-ovqat xavfsizligi aholisi barqaror o‘sib borayotgan O‘zbekiston uchun ham doimiy e’tibordagi dolzarb masala hisoblanadi, – deydi Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashi deputati Qilich Sirojov. – Shu bois, so‘nggi yetti yilda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bugungi sessiya yig‘ilishida ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bu boradagi ishlarning muhim yo‘nalishlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Eng muhimi, tumanda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda zaxirasini shakllantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. O‘ylaymanki, mazkur chora-tadbirlar aholi farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sessiyada muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA.