Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik davom etmoqda
Sovuq kunlar yaqinlashgani sari joylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadallashadi. Vaqt g‘animat, kommunal tizim tarmoqlarida barcha nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish, oldinda turgan mavsumni betashvish o‘tkazish muhimdir.
Xususan, Toshkent viloyati elektr ta’minotida uzilishlarning oldini olish, uzluksiz ishlashini ta’minlash va aholiga bu borada qulaylik yaratishga qaratilgan ishlar davom etmoqda. Buning uchun barcha tuman-shaharlarda aholini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash uchun tezkor brigadalari 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgan.

2025-2026 yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 621 nafar xodimdan tashkil topgan 98 ta ta’mirlash brigadalari tashkil etildi. Ularga 46 ta maxsus texnika va 120 ta avtomashinalar biriktirilgan. Ayniqsa, mahallalarda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Zangiota TET tasarrufidagi transformator punktlari ko‘rikdan o‘tkazilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar tashkil qilindi. Hozir mazkur tumanda jami 23 dona transformator punktlari va 26 kilometr elektr uzatish tarmoqlari ta’mirlandi. Shu bilan birga, 5 dona transformator punkti yangi o‘rnatilib, 1,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi. Bosh prokuratura Ishchi guruhi tomonidan qo‘shimcha ishlar tashkil qilinib, tumandagi 176 dona yaroqsiz yog‘och tayanchlar almashtirildi.

Amalga oshirilgan ta’mirlash hamda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari natijasida tumandagi 2 ming 89 nafar iste’molchi hamda 45 ta ulgurji iste’molchining elektr ta’minoti yanada yaxshilandi. Masalan, “Baliqchi” mahalla fuqarolar yig‘inida 560 ta xonadon bo‘lib, “Og‘ir hudud” toifasiga kiritilgan. Aholi ko‘p vaqtdan beri elektr ta’minotidagi muammolardan qiynalar edi. Endilikda bunga yechim topildi.

– Ilgari sovuq kunlar boshlansa ayrim mahallalarda elektr o‘chib, transformatorlar talabga javob bermay qolardi. Shu tufayli joylardagi “Baliqchi”, “Bo‘ston”, “Harakat” va “Ramadon” MFYlarda o‘rganishlar olib borildi. Aholi murojaatlari asosida ta’mirlash va yangilash ishlari amalga oshirilmoqda. Aholini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash bugun soha vakillarining asosiy burchi bo‘lib, salmoqli ishlar nafaqat har bir mahallada balki tuman-shaharlar bo‘ylab yil oxirigacha davom etadi, – deydi Zangiota tumani Elektr ta’minoti korxonasi rahbari Komiljon Ergashev.
A.Musayev, O‘zA.