Kuz-qish mavsumida muammo bo‘lmaydi
Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumida aholining tabiiy va suyultirilgan gaz hamda yoqilg‘i moylash mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish va mavsumni betalofot o‘tkazish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ayni paytda boshqarmada asosiy muhandislik kommunikatsiyalari, texnologik asbob-uskunalarni barqaror ishlashga tayyorlash hamda uglevodorodlarni qazib chiqarish, qayta ishlash qurilmalarda rejali ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bugungi kunga qadar 16 ta texnologik qurilma, 5 ta qozon, 5 ta sig‘im, 48 000 metr elektr tarmoqlari, 2 ta transformator podstansiya, 350 metr kabel estakadalari, 4080 metr suv tarmoqlari, 2 ta ishlab chiqarish binosi ta’mirlandi. 4 ta zaxirani avtomatik ulash qurilmasi, 2 ta dizel elektr stansiyasi, 1ta uzluksiz elektr ta’minoti manbasi ishchi holati tekshirildi. 900 metr issiqlik tarmoqlari izolyatsiya qilindi.
Shu bilan birga asosiy muhandislik kommunikatsiyalarida “Qulbeshkak”, “Savatli”, “Qumli”, “Yangikazgan”, “To‘maris” va “O‘rtaqum” konlaridagi gazni birlamchi tayyorlash qurilmalaridagi 7 ta texnologik tarmoqlarda, “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash qurilmalarida, “Uchqir” hamda “G‘arbiy” siquv kompressor stansiyasidagi gaz haydash agregatlarida, Propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
[gallery-9258]
Shuningdek kuz-qish mavsumida Respublika iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlash va belgilangan reja ko‘rsatkichlarini bajarish uchun joriy yil boshidan 17 oktyabr holatiga 10 ta quduq burg‘ilashdan ishga tushirildi. 145 ta quduqlarda mukammal ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari amalga oshirildi. 4 ta texnologik ob’ektlar ishga tushirildi.
Xususan, oktyabr oyining boshida “Doyaxotin” konida yangi 47 kilometr gaz quvuri montaj qilindi. Kunlik qo‘shimcha 1 million kub metr tabiiy gaz qazib olishga erishildi. Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida kuz-qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun belgilangan barcha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada mavsumda bir maromda ishlashga tayyor holatga keltirildi.
Ayni paytda boshqarma va tegishli departamentlar mutaxassislaridan iborat guruh tomonidan qurilmalarda barqaror ishlab chiqarishni tashkil etish va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini bajarilishini ta’minlash bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida bugungi kunda boshqarma tomonidan kunlik 12,2 million kub metr tabiiy gaz, 490 tonna gaz kondensati qazib chiqarish va 260 tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishiga erishildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA