Kuydirgi kasalligi to‘g‘risdagi xabarlar tasdig‘ini topmadi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Narpay tumani “O‘zbekiston” mahallasi Tanishka qishlog‘ida iste’molga yaroqsiz go‘sht orqali kuydirgi kasalligi tarqalganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur holat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasida tashkil etilgan maxsus shtab tomonidan batafsil o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida namunalar Hayvon kasalliklari va oziq-ovqat xavfsizligi davlat ilmiy markazi labaratoriyalarida chuqur tekshirilganida, olingan namunalarda kasallik qo‘zg‘atuvchisi aniqlanmadi, deyiladi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati bergan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kuydirgi – o‘tkir kechuvchi o‘ta xavfli infeksion kasallik bo‘lib, septitsemiya, og‘ir zaharlanish va karbunkulalar hosil qilish bilan kechadi. Barcha turdagi qishloq xo‘jalik, uy, yovvoyi hayvonlar kasallanadi hamda u odamlarga asosan hayvonlar orqali oson yuqadi.
Kasallik qo‘zg‘atuvchisining tashqi muhitda 100 yilgacha saqlanib turishi inobatga olingan holda, kasallikning eski o‘choqlari davlat veterinariya xizmati tomonidan xavfsizligi bo‘yicha nazoratga olinadi.
Yurtimizga kuydirgi kasalligining chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida, kasallikka moyil qishloq xo‘jalik hayvonlarida hududiy davlat veterinariya xizmati tomonidan tizimli ravishda profilaktik vaksinatsiya ishlari guruh usulida kalendar reja asosida amalga oshirilmoqda.
Emlash ishlari har bir xududning tabiiy xususiyati va epizootik vaziyatidan kelib chiqib belgilanadi. Odatda emlash mavsumiy bo‘lib, bahor va kuz oylarida, majburiy emlash esa, yilning istalgan vaqtida amalga oshiriladi.
Ta’kidlash kerak, 2020 yilda jami 36,7 mln. bosh chorva hayvonlari (10,4 mln. bosh yirik va 22,8 mln. bosh mayda shoxli mollar hamda 522,0 ming bosh boshqa tur hayvonlar), 2021 yilda jami 26,4 mln. bosh chorva hayvonlari (10,1 mln. bosh yirik va 15,9 mln. boshdan ziyod mayda shoxli mollar hamda 380,6 ming bosh boshqa tur hayvonlar) kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlangan.
Joriy yilning oxirigacha immunitetlik faolligi tugaydigan qariyb 10,0 mln bosh chorva hayvonlari kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlangan. Ya’ni, immunitetlik faolligi to‘liq saqlab turilishi ta’minlangan. Davlat veterinariya xizmati zaxirasida 6,4 mln doza emlama mavjud.
Shu yilning o‘tgan davri mobaynida kasallikning eski tuproq o‘choqlaridan 3021 ta tuproq namunasi hamda 84,1 ming bosh qoramol va qo‘y terisi laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilganida kasallikka nisbatan musbat natija kuzatilmadi.
Ikrom Avvalboyev, O'zA