Kutilmagan yangiliklar bilan yashayotgan olam
bugungi GAZETALARDA…
Bugun olam ahli kutilmagan yangiliklar bilan yashayotgani rost. Xabarlar oqimi shu qadar ko‘p va rang-barangki, ulardan boxabar bo‘lishni hayotning o‘zi taqozo qiladi.
«Yangi O‘zbekiston«ni varaqlab turib, gazeta yurtdagi o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirayotgan ko‘zguga aylanib borayotganini his etasiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 17 fevral kuni bojxona tizimini yanada isloh qilish va korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish sharhi aks etgan sahifa ko‘pchilikka qiziqish uyg‘otadi. Davlat Rahbarining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori bilan tanishishingiz mumkin. «Orolbo‘yi: innovatsiya va texnologiyalar hududining yangi davri», «Xonadonda xazina yaratayotganlar» maqolalarida hayotga yangicha yondashuv va o‘zini oqlayotgan tajribaga guvoh bo‘lasiz. «Yangi O‘zbekiston» muxbiri Lutfullo Suvonovning Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan qilgan «Xavfsiz yo‘l – osoyishta kun va yangi g‘oyalar muqaddimasi»nomli suhbat va taniqli jurnalist Kamol Matyoqubovning «Sind daryosi bo‘yidagi jang» badiasini ham kamoli e’tibor bilan mutolaa qilasiz.
«Xalq so‘zi»da e’lon qilingan «Madaniy merosimiz – bebaho boylik. Biz bu xazinaga qanday munosabatda bo‘lyapmiz va ulardan qanday foydalanyapmiz?», «Buyuk o‘zgarishlar haqida kitob», «Nonni isrof qilmang, uning uvoli bor» maqolalari gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi. «Xalq so‘zi»dan o‘rin olgan yana bir qancha maqolalar ham muhim va qiziqarliligi bilan e’tiborni o‘ziga tortadi.
“Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida davlat Rahbarining «2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilingan. Usmon Nosirning jiyani shoira Nodira Rashidovaning minnatdorchilik ruhida yozilgan «Unutmas meni bog‘im...» dilnomasi o‘quvchi e’tiborida bo‘ladi. Akademik Naim Karimovning «Munavvar ijod va fojiali taqdir» maqolasi, Iqbol Mirzo va Dilshod Rajabning she’rlari, Kumush O‘sarovaning «Kuz quyoshi» hikoyasi maroq bilan o‘qiladi. Munavvara Usmonovaning «Mening Qutlibeka opam» dil so‘zi, Zavqiddin Suvonovning rahmatlik Chori Avaz she’riyati xususidagi kuzatishlari o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.
“Adolat”ning bugungi sonida «adolat sadolari» yangrab turadi. «Bugunning gapi» ruknida berilgan «Illatni ildizi bilan quritish kerak... Yaqinda Qashqadaryo viloyati Muborak tumani IIB boshlig‘i fuqaroga yer olib berish uchun pora olgan vaqtda qo‘lga olindi...» nomli maqola bunga misoldir. «Adolat» bayrog‘i bilan «yashil makon»ga», «Ishonch oqlanmoqda», «Muloqotda muammolar oydinlashdi» kabi maqolalarda bugungi kun manzaralarini ko‘rasiz. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov hayot yo‘liga bag‘ishlangan «Mehr og‘ushidagi xonadon» sahifasini o‘quvchi alohida qiziqish bilan mutolaa qiladi.
“Vatanparvar”ning bugungi sonida ham vatan, yurt qadri, uning himoyasi bilan bog‘liq lavha, maqolalarga keng o‘rin berilgan. «Vatanga qalqonmiz, tinchlikka posbon!», «Armiyada o‘zimni topganman», «G‘ururi tog‘lardan yuksak» sahifalari o‘quvchiga ichki g‘urur, burch va mas’uliyat nima ekanligini esga soladi. Bobur Elmurodovning «Qilichlashib maydon ichra o‘lmadim...» maqolasi ham zo‘r qiziqish bilan o‘qiladi...
Gazetalarni o‘qing, bugungi kun havosidan nafas oling...
A.Narzulloyev, O‘zA