Kursantlar "Zakovat"da bellashdi
Favqulodda vaziyatlar akademiyasida Yoshlar ittifoqining Toshkent shahar kengashi bilan hamkorlikda buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Kuch adolatda” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Yuristlar” va “Yuristlar-2”, Bojxona institutining “Bojxonachilar”, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasining “Iftixor”, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining “Ma’rifat”, Jamoat xavfsizligi universitetining “Talabalar” jamoasi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa institutining “Aloqachilar” hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining “Qutqaruvchilar” jamoalari o‘zaro murosasiz bahs olib bordi.

"Zakovat" intellektual klubi mas’ul xodimi Muhiddin Usmonov boshchiligidagi hakamlar intellektual o‘yinni adolatli va shaffof baholab bordi.

Bellashuv yakunlariga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasining “Iftixor” jamoasi faxrli 3-o‘rinni egalladi. Jamoat xavfsizligi universitetining “Talabalar” jamoasi faxrli 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bojxona institutining “Bojxonachilar” jamoasi esa yuqori natijalarni qayd etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan g‘olib va sovrindor jamoalarga, shuningdek, faol ishtirok etgan yoshlarga diplom, tashakkurnoma, sara asarlardan iborat kitoblar to‘plami hamda esdalik sovg‘alar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA