Kurash: XV jahon chempionati Ostona shahrida o‘tkaziladi
Fors ko‘rfazi hududida vujudga kelgan siyosiy vaziyat tufayli joriy yilning 31-yanvar — 5-fevral kunlari Eron Islom Respublikasi Bojnord shahrida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan XV jahon chempionatini noma’lum muddatga qoldirilgan edi.
Kuni kecha Qozog‘iston Respublikasi Turizm va sport vaziri Yerbol Mirzabosinov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ziyoviddin Hojiniyozov, IKA Administratsiyasi rahbari Mansur Mirzayev hamda Qozog‘iston kurash federatsiyasi prezidenti Andrey Borgens ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur nufuzli musobaqani Ostona shahrida tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Muloqot davomida Qozog‘iston Respublikasi Turizm va sport vaziri Yerbol Mirzabosinov kurash sporti bugungi kunda jahon miqyosida jadal rivojlanayotgan zamonaviy sport turlaridan biriga aylanganini ta’kidlab, Qozog‘iston ushbu chempionatni yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha imkoniyat va infratuzilmaga ega ekanini qayd etdi.
O‘z navbatida, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ziyoviddin Hojiniyozov Qozog‘iston sportchilari xalqaro maydonlarda yuqori natijalarga erishayotganini e’tirof etib, bu mamlakatda olib borilayotgan tizimli va izchil islohotlar samarasi ekanini ta’kidladi.
Kelishuvga binoan kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XV jahon chempionati joriy yil iyun oyi oxirida Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA