Kurash va turon sport turlarini AQSHda ommalashtirish masalasi muhokama qilindi
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahridagi Jahon savdo markazi majmuasida milliy sport turlarimiz kurash va turonni xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirish, ikki sport turi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, bilim va tajriba almashish, ularni nufuzli xalqaro kompleks musobaqalar dasturiga, Olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Ziyoviddin Xojiniyozov hamda IKA Sport qo‘mitasi a’zosi Daniel Abayev, Xalqaro Turon federatsiyasi rahbari Farrux Niyozimbetov hamda Turon federatsiyasi ijroiya kengashi a’zolari, huquqshunoslar va mutaxassislar ishtirok etgan muloqot jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekiston strategiyasi, milliy sport turlarimizni, xususan ota-bobolarimizdan meros kurashni yanada rivojlantirish va uning jahon sport maydonidagi mavqei hamda xalqaro e’tirofini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarining ahamiyati e’tirof etildi.

Uchrashuv davomida kurash sportini Markaziy Amerika va Karib dengizi o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha erishilgan ijobiy kelishuvlarga yuqori baho berildi.

Uchrashuv yakunida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va Xalqaro turon federatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanib, joriy yil oktabr oyida Nyu-York shahrining Manhetten hududida kurash va turon sport turlarini birgalikda namoyish etishga qaratilgan birinchi qo‘shma xalqaro tadbirlarni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA