Kurash elektron qo‘llanmasi taqdim etildi
Milliy matbuot markazida “Kurash elektron qo‘llanmasi” taqdimoti hamda Italiya kurash federatsiyasi delegatsiyasining mamlakatimizda o‘tkazgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Milliy matbuot markazida “Kurash elektron qo‘llanmasi” taqdimoti hamda Italiya kurash federatsiyasi delegatsiyasining mamlakatimizda o‘tkazgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.Davlatimiz rahbarining 1999-yil 1-fevraldagi “Xalqaro Kurash assotsiatsiyasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni milliy kurashni yanada rivojlantirish, uni jahon miqyosida keng ommalashtirishga zamin yaratdi. Bugun 120 dan ziyod mamlakatda kurash federatsiyalari, barcha qit’alarda kurash konfederatsiyalari faoliyat yuritmoqda.
Osiyo olimpiya kengashi Bosh assambleyasi qaroriga muvofiq, kurash qit’amizdagi uch nufuzli musobaqa – 2016-yili Vetnamda o‘tadigan Osiyo sohil o‘yinlari, 2017-yili Turkmanistonda bo‘ladigan yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlari hamda 2018-yili Indoneziya mezbonlik qiladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi.
Anjumanda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi taqvimidan joy olgan musobaqalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Ushbu musobaqalarga puxta tayyorlanish maqsadida qator xorijiy davlatlar federatsiyalari mamlakatimizda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashmoqda. Italiya kurash federatsiyasi prezidenti Vittorio Jiorji rahbarligidagi bir guruh murabbiy va hakamlar poytaxtimizda kurash borasidagi bilim va tajribalarini oshirdi.
– Italiya kurash federatsiyasi 2014-yil dekabr oyida tashkil etilgan, – deydi Vittorio Jiorji. – O‘tgan qisqa fursat ichida kurashni Italiyada rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. 2015-yilning aprel oyida o‘tkazilgan seminar kurash qoidalari, usul va texnikasini puxta o‘rgatishga xizmat qildi.
Tadbirda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan milliy sportimizni yanada keng targ‘ib etish, uni o‘rgatishning zamonaviy va qulay vositalarini joriy qilish maqsadida ishlab chiqilgan «Kurash elektron qo‘llanmasi» taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Hozirgi kunga qadar kurash qoidalari, texnika va taktikasi qo‘llanmasi 50 dan ziyod tilda chop etilgan. Jahon sport jamoatchiligining kurashga qiziqishi va uni o‘rganishga bo‘lgan talabini inobatga olib, assotsiatsiya tomonidan elektron qo‘llanma loyihasi ishlab chiqildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining granti evaziga amalga oshirildi.
Qo‘llanmada kurash xalqaro qoidalari va usullari, kurash tarixi, etikasi, musobaqalar tashkil etish va o‘tkazish qoidalari ovozli, matnli, surat va videotasvirli tarzda o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etilgan.