Kurash: Dushanbe XV Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Osiyo kurash konfederatsiyasi hamda Tojikiston kurash federatsiyasi kelishuviga binoan joriy yilgi kattalar o‘rtasidagi XV Osiyo chempionati 11–15-iyun kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi.
"Dushanbe Tennis Palace and Water Sport Complex" majmuasida tashkil etilishi kutilayotgan chempionat Osiyoning eng kuchli sportchilarini aniqlash bilan birga, IKA reyting ochkolarini taqdim etish bilan ahamiyatli.
Chempionatda 17 yoshdan yuqori bo‘lgan sportchilar ishtirok etishi, har bir mamlakat har bir vazn toifasida bittadan sportchi bilan qatnashishi, barcha ishtirokchilar o‘z davlati fuqarosi bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lib, musobaqa nizomiga muvofiq alohida Qochqinlar jamoasi a’zolari ham qit’a birinchiligida ishtirok etishiga izn beriladi.
An’anaga muvofiq, chempionat doirasida IKA xalqaro hakamlar seminari, hakamlik imtihonlari, shuningdek, Osiyo kurash konfederatsiyasi kongressi va boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish IKAning rasmiy elektron tizimi orqali amalga oshiriladi. Arizalarni qabul qilishning so‘nggi muddati 2026-yil 4-iyun etib belgilangan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA